Jahon | 14:51 / 11.10.2025
5755
6 daqiqa o‘qiladi

Foto: G‘azoliklar vayron bo‘lgan uylariga qaytmoqda

Isroil askarlari endi shaharlarga kiruvchi yo‘llarni to‘smasligi ayon bo‘lgach, kam sonli qaytuvchilar oqimi — vayronalari sari yo‘l olgan falastinliklarning haqiqiy to‘lqiniga aylandi. Shunga qaramay, Hamas va Isroil o‘rtasidagi sulh – uzoq muddatli tinchlikka olib keladimi, degan savol ochiq qolmoqda.

10 oktabr kuni Isroil va Hamas o‘rtasida sulh kuchga kirgach minglab boshpanasiz qolgan falastinliklar G‘azoning xarobaga aylangan yerlaridan o‘zlarining vayron bo‘lgan uylariga qaytishmoqda. Bu vaqtda Isroil askarlari urushni tugatishga qaratilgan bitimning birinchi bosqichi doirasida orqaga chekina boshladi.

Foto: Reuters

Ulkan odamlar oqimi qirg‘oq yo‘li bo‘ylab, piyoda holda shimolga, anklavning eng yirik shahri — G‘azo shahri sari yo‘l oldi. Bu shahar atigi bir necha kun avval eng yirik hujumlar doirasida Isroil tomonidan bombardimon qilingan hudud edi.

«Xudoga shukr, mening uyim hanuz tik turibdi. Lekin joy butkul vayron, qo‘shnilarimning uylari vayron, butun mahallalar yo‘q bo‘lib ketgan», dedi Shayx Razvon mahallasida yashovchi 40 yoshli Ismoil Zayda Reuters bilan suhbatda.

Foto: Reuters

Janubda esa odamlar yil boshida Isroil armiyasi tomonidan yer bilan yakson qilingan ikkinchi yirik shahar Xon Yunusning vayronalari orasidan o‘tishardi. Ularning aksari jim va horg‘in edi, deydi guvohlar.

Ahmad al-Brim, yog‘och bo‘laklarini ortgan velosipedni itarib ketardi: uning oilasi ovqat pishirish uchun bu o‘tinlarga muhtoj. Bu — ularning vayron bo‘lgan uyidan olib chiqishga ulgurgan yagona narsasi edi.

«Biz o‘z hududimizga bordik. U yer butunlay yo‘q qilingan. Endi qayerga borishimizni bilmaymiz,» dedi u. «Mebellarni, kiyimlarni, hech narsani, hattoki qishki kiyimlarni ham ololmadik. Hech narsa qolmagan».

Foto: Reuters

Isroil askarlar endi shaharlarga kiruvchi yo‘llarni to‘smasligi ayon bo‘lgach, dastlabki kam sonli qaytuvchilar oqimi tez orada o‘z uylari vayronalari sari yo‘l olgan falastinliklarning haqiqiy to‘lqiniga aylandi.

Foto: Al-Jazeera

40 yoshli Mahdiy Saqla oilasi bilan birga G‘azo shahriga qaytishga qaror qilganini aytdi:

«Albatta, endi uylar yo‘q — ularning hammasi vayron bo‘lgan,» dedi u. «Ammo biz o‘sha vayronalar ustida bo‘lsa ham, o‘z joyimizga qaytayotganimizdan xursandmiz. Bu ham katta quvonch. Ikki yildirki, biz sarson-sargardonlikda yashayapmiz».

Foto: Al-Jazeera

Shunga qaramay, Isroil armiyasi matbuot kotibi, brigada generali Efi Defrin, G‘azo aholiga Isroil harbiy nazoratidagi hududlarga kirmaslikni so‘rab murojaat qildi: «Bitimga rioya qiling va xavfsizligingizni ta’minlang,» dedi u juma kuni.

Hamas boshqaruvidagi ichki ishlar vazirligi Isroil armiyasi chiqib ketgan hududlarga o‘z xavfsizlik kuchlarini joylashtirishini bildirdi. Qurolli askarlar ko‘chalarga qaytadimi yoki yo‘qmi – hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Foto: AP Photo

Falastin sog‘liqni saqlash organlari Isroil armiyasining orqaga chekinishidan so‘ng tibbiyot xodimlari G‘azo bo‘ylab turli joylardan 100 ta jasadni topganini bildirdi.

Foto: AP Photo

Sulhga ishonsa bo‘ladimi?

G‘azoliklar uylariga qaytayotgan paytda, Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh hamda garovdagilar va mahbuslar almashinuvi bitimi – haqiqiy va uzoq muddatli tinchlikka olib keladimi, degan savollar ochiq qolmoqda.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp sulh saqlanib qolishiga ishonchini bildirgan: «Ular hammasi urushdan charchagan,» dedi u. Tramp, keyingi bosqichlar bo‘yicha «konsensus» mavjudligini aytib, ammo ayrim tafsilotlar hali hal etilishi kerakligini tan oldi.

Foto: Reuters

Trampning rejasining birinchi bosqichi Isroil qo‘shinlariga 24 soat ichida shaharlardagi pozitsiyalardan chiqib ketishni belgilaydi, biroq ular hanuz G‘azoning yarmidan ko‘pini nazoratda saqlab turadi.

Rejaning keyingi bosqichi esa G‘azoning urushdan keyingi boshqaruviga «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi xalqaro organning jalb qilinishini nazarda tutadi. Tramp uni shaxsan boshqaradi va unga sobiq Britaniya bosh vaziri Toni Bler ham kiritilgan.

Foto: Reuters

Ammo ushbu rejaning bu qismi uchun yangi «muammo» paydo bo‘ldi: Hamas juma kuni kechqurun «har qanday chet el qo‘riqlovini» rad etuvchi bayonot chiqardi va G‘azoni boshqarish «faqat falastinliklarning ichki masalasi» ekanini bildirdi.

Mavzuga oid