Avto | 10:51 / 13.10.2025
75062
3 daqiqa o‘qiladi

Damas va Cobalt'da yangilanishlar e’lon qilindi   

Damas Move, Damas Max, Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM nomli yangi komplektatsiyalar sotuvi boshlanishi kutilmoqda. Ularni ishlab chiqarish avval mavjud bo‘lgan versiyalar sotuvini to‘xtatmagan holda yo‘lga qo‘yiladi. O‘zgarishlarga uchragan Damas'ning o‘lchami kattalashgan. Cobalt'da esa 50 dan ortiq komponentlar, xususan dvigatel yangilangan.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors o‘zining eng xaridorgir ikki avtomobili – Chevrolet Damas va Cobalt avtomobillari borasida kutilayotgan yangiliklar haqida ma’lum qildi.

Damas

Xabar qilinishicha, tashkil qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlarida Damas minivenlari yangi versiyasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi versiyada avtomobil o‘lchamlari kattalashgan, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imi oshgan.

“Shuningdek, haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulaylik sezilarli darajada yaxshilangan”, deyiladi press-relizda.

Yangi modelning yo‘lovchi versiyasi Damas Move deb nomlanadi. Yuk-yo‘lovchi versiyasiga esa Damas Max deb nom berilgan.

Yangi model eskisi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi va xaridorlarda tanlov imkoniyati bo‘ladi.

Cobalt

Foto: UzAuto Motors

Chevrolet Cobalt avtomobilining ham hozirda mavjud komlektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda, ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi.

Bu versiyalardagi yangiliklar quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • avtomobil dvigateli yangilangan;
  • ABS tizimi takomillashtirilgan;
  • dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatilgan;
  • xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari uchun zamonaviy boshqaruv bloklari va yangi avlod diagnostika moduli joriy etilgan;
  • Android Auto va Apple CarPlay'ni qo‘llab-quvvatlaydigan sensorli multimedia tizimi;
  • kruiz-kontrol tizimi;
  • eko-charmdan qilingan o‘rindiqlar;
  • old o‘rindiqlarning isitish funksiyasi;
  • asboblar paneli yangilangan;
  • multimedia va kruiz-kontrolni boshqarish tugmalari bilan jihozlangan rul;
  • intererda yangi dekorativ elementlar.

“Asosiy avtomobilning jami 50 dan ortiq asosiy komponentlari yangilandi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

UzAuto'ga ko‘ra, Cobalt'ni rivojlantirishning keyingi bosqichida avtomobilning tashqi ko‘rinishi (feyslift) o‘zgartiriladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar allaqachon boshlangani ma’lum qilindi.

Cobalt'ning yangi modifikatsiyalari mavjud komplektatsiyalar bilan parallel ravishda ishlab chiqarila boshlangan.

“Endi mijozlar jihozlanish darajasi va funksionalligi bilan farqlanuvchi Cobalt'ning to‘rt xil modifikatsiyasidan birini tanlash imkoniyatiga ega”, – deya ma’lum qildi ishlab chiqaruvchi.

Narxlar va sotuv boshlanishi sanalari keyinroq ma’lum qilinadi.

Mavzuga oid