Iqtisodiyot | 17:25 / 13.10.2025
5057
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Iqtisodiyot bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofotini Joel Mokir (AQSh), Filipp Agon (Fransiya) va Piter Xauit (AQSh) oldi. Ular «innovatsion iqtisodiy o‘sishni tushuntirgani uchun» taqdirlandi.

Iqtisodiyot bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofoti Joel Mokir (AQSh), Filipp Agon (Fransiya) va Piter Xauitga (AQSh) nasib etdi.

Uch nafar iqtisodchi «innovatsion iqtisodiy o‘sishni tushuntirgani uchun» bu yilgi mukofotga sazovor bo‘ldi. Bu nazariya texnologik o‘zgarishlar va «bunyodkor buzg‘unchilik» mamlakatlarning uzoq muddatli farovonligini qanday shakllantirishini tushunishga yordam beradi.

«So‘nggi ikki asrda dunyo tarixda birinchi marta barqaror iqtisodiy o‘sishga guvoh bo‘ldi. Bu ko‘plab odamlarga qashshoqlikdan chiqishga yordam berdi va farovonlikning poydevorini yaratdi. Bu yilgi mukofot sovrindorlari Joel Mokir, Filipp Agon va Piter Xauit innovatsiyalar keyingi taraqqiyot uchun turtki bo‘lib xizmat qilishini tushuntirib berishadi. Laureatlar bizni barqaror o‘sishni odatiy hol sifatida qabul qilib bo‘lmasligiga ishontirishdi. Insoniyat tarixining ko‘p qismida iqtisodiy o‘sish emas, balki turg‘unlik odatiy hol bo‘lib kelgan. Ularning ishi shuni ko‘rsatadiki, biz o‘sishga to‘sqinlik qilayotgan tahdidlarni anglashimiz va ularga qarshi turishimiz kerak», deyiladi Nobel qo‘mitasi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda amerikalik iqtisodchi Klaudiya Goldin ayollarning mehnat bozoridagi rolini o‘rganishga oid tadqiqotlari uchun, 2024 yilda esa Massachusets texnologiyalar instituti professorlari Daron Ajyemo‘g‘li va Saymon Jonson hamda Chikago universiteti professori Jyeyms Robinson «institutlarning shakllanish jarayonlari va ularning iqtisodiy farovonlikka ta’sirini tadqiq qilgani uchun» ushbu mukofotga loyiq deb topilgandi.

Mavzuga oid