Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya tashqi ishlar vaziri Trampni Putinga bosimni kuchaytirishga chaqirdi
Yoxann Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya AQSh prezidentini Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarga erishish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqirmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers vaziyatni Donald Tramp bilan muhokama qilishini aytdi.
Yoxann Vadeful Foto: Liesa Johannssen / Reuters
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful AQSh prezidenti Donald Trampni G‘azo sektorida vositachilik qilishdagi muvaffaqiyatidan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatish uchun bosimni kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri 13 oktyabr, dushanba kuni bolgariyalik hamkasbi Georg Georgiyev bilan Sofiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Tramp «G‘azo sektori bo‘yicha ushbu kelishuvga erishishga hal qiluvchi hissa qo‘shgan». «Germaniya esa uni (Oq uy rahbari) endi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettirishga chaqiradi», — deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa axborot agentligi.
Berlin «Amerika ma’muriyatiga katta umid bog‘laydi, chunki prezident Tramp dunyoning turli burchaklarida tinchlik bitimlari tuzishdan manfaatdor ekanligini ishonchli tarzda namoyish etdi», dedi Yoxann Vadeful. Uning fikricha, «harbiy harakatlar yana kengroq miqyosda avj olishidan oldin, hozir Ukrainada yangi yutuq qilish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish kerak».
Georgiyev, o‘z navbatida, Qora dengiz Ukraina bilan chegaradosh hudud bo‘lib, u yerda urush ketayotganini eslatdi. «Bizning maqsadimiz Qora dengizning NATO va Yevropa Ittifoqi kun tartibida tobora muhim o‘rin egallashini ta’minlashdir», dedi u. Bolgariya mintaqada barqarorlikni saqlashdan juda manfaatdor, deya qo‘shimcha qildi vazir.