Jahon | 11:30 / 14.10.2025
2789
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Tramp bilan 17 oktyabr kuni uchrashishini tasdiqladi

Volodimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi.Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular, jumladan, Kiyevga uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar yetkazib berish masalasini muhokama qiladi.

Foto: Mandel Ngan/ AFP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shu hafta Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishini tasdiqladi. Bu haqda u 13 oktyabr, dushanba kuni Kiyevda Yevropa Ittifoqi oliy vakili Kaya Kallas bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Ukraina delegatsiyasi, jumladan, bosh vazir Yuliya Sviridenko, prezident ma’muriyati rahbari Andrey Yermak, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov allaqachon Vashingtonga jo‘nab ketgan.

Zelenskiyning tashrifi 17 oktyabr kuni kutilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning Tramp bilan muhokamasi mavzularidan biri Ukrainaga uzoq masofali qurollar yetkazib berish bo‘ladi. Ikki manba bu ma’lumotni Amerikaning Axios nashriga tasdiqladi: «Ular (Tramp va Zelenskiy) Ukrainaga qanday qurol-yarog‘ yetkazilishi kerakligi, xususan, AQSh Tomahawk raketalarini taqdim etish niyatida yoki yo‘qligini muhokama qiladi».

Keyinroq Tramp Zelenskiy bilan 17 oktyabr kuni Oq uyda uchrashishini tasdiqladi, deb xabar beradi AFP.

Ikki davlat yetakchilari 11 va 12 oktyabr kunlari gaplashgan. Zelenskiy suhbatlar haqida xabar berib, ikkala muloqotni ham «juda samarali» deb atadi. Axios ma’lumotiga ko‘ra, 11 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Tomahawk'ni ehtimoliy yetkazib berish mavzusi ko‘tarilgan. «Rossiya amerikaliklar bizga "Tomagavklar" berishi mumkinligidan qo‘rqayotganini ko‘ryapmiz va eshityapmiz. Bu bunday bosim tinchlikka hissa qo‘shishi mumkinligidan dalolatdir», — dedi Zelenskiy yakshanba kungi suhbatdan so‘ng.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid