Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: Hindiston Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishga va’da berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishga va’da berganini aytdi. Endi Oq uy rahbari, o‘z so‘zlariga ko‘ra, Xitoydan ham xuddi shunday natijaga erishmoqchi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 15 oktyabr, chorshanba kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga va’da berganini aytdi. Tramp bu «qisqa vaqt ichida» amalga oshishini aytdi.
«Hindistonning [Rossiyadan] neft sotib olishidan norozi edim va u [Modi] bugun meni Rossiyadan neft sotib olmasliklariga ishontirdi», dedi Amerika prezidenti Oq uyda jurnalistlarga.
Tramp bu va’dani «katta qadam» deb atadi. «Endi biz Xitoy ham xuddi shunday qilishiga ishonch hosil qilmoqchimiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
2025 yil aprel oyida Rossiyadan Hindistonga neft yetkazib berish, hisob-kitoblarga ko‘ra, kuniga 2,15 million barrelgacha ko‘tarildi — 2023 yil may oyidan buyon rekord darajada. Reuters agentligining ta’kidlashicha, Rossiya ketma-ket uchinchi yil Hindistonning asosiy neft yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda va uning importdagi ulushi 36 foizga yetdi. Ukrainada to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri Rossiya neftining narxi Hindiston neftni qayta ishlash korxonalari uchun jozibador bo‘ldi.
14 iyul kuni Tramp agar 50 kun ichida (2 sentabrgacha) Ukrainada tinchlik kelishuviga erishilmasa, Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi. 29 iyul kuni Amerika prezidenti bu muddatni 10 kunga qisqartirdi, ertasi kuni esa Hindistonga, jumladan, Rossiya bilan savdo uchun 25 foizlik bojlar joriy qildi. «Hindiston (...) Xitoy bilan bir qatorda Rossiyadan energiyaning eng yirik xaridoridir, shu bilan birga hamma Rossiya Ukrainada odamlarni o‘ldirishini to‘xtatishini xohlaydi», deb tushuntirdi Tramp.
31 iyul kuni Hindistonning to‘rtta davlatga qarashli neftni qayta ishlash zavodi Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatgani xabar qilingan edi. Bir hafta ichida Rossiya neftini muntazam ravishda sotib olgan Indian Indian Oil, Hindustan Petroleum, Bharat Petroleum va Mangalore Refinery Petrochemical kompaniyalari uni sotib olishga qiziqish bildirmadi, deb xabar berdi Reuters. Biroq, Hindiston ommaviy axborot vositalari hukumat manbalariga tayanib, Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari, jumladan, davlatga qarashli IOC, BPCL va HPCL Rossiya neftini xarid qilishda davom etayotgani haqida xabar berdi.
Mavzuga oid
22:29
Tramp Netanyahuni aqlsizlikda aybladi va Eron bilan kelishuv 2–3 soat ichida imzolanishini aytdi
18:06
Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
14:07
Tramp Venesueladagi narkokartel rahbari o‘ldirilganini e’lon qildi
00:49