Jahon | 11:24 / 17.10.2025
3529
2 daqiqa o‘qiladi

Volodimir Zelenskiy AQShga tashrif bilan keldi

Volodimir Zelenskiy Vashingtonga yetib keldi. U dastlab AQShning mudofaa va energetika kompaniyalari vakillari bilan, keyin esa Donald Tramp bilan uchrashadi. Ukraina rahbari Tomahawk raketalarini tilga oldi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 oktyabr, payshanba kuni kechqurun AQShga tashrif bilan keldi. Ukraina yetakchisining samolyoti Vashington chekkasidagi Endryus harbiy-havo kuchlari bazasiga qo‘ndi.

Zelenskiy Telegramʼda yaqin soatlarda Amerika mudofaa kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, boshqa narsalar qatorida havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘shimcha yetkazib berish masalasini muhokama qilish niyatida ekanligini yozdi. Shundan so‘ng Ukraina prezidentining Amerika energetika kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan. «Hozir, Rossiya bizning energetika sektorimizga qarshi terrorga tayanib, har kuni zarbalar berayotgan bir paytda, biz Ukraina barqarorligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz», — dedi Zelenskiy.

17 oktyabr kuni Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. «Yaqin Sharqda alangalangan terror va urushni jilovlash bo‘yicha jadallik Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishga yordam beradi, deb umid qilamiz», — deb yozadi Ukraina prezidenti Tramp ishtirokida G‘azo sektorida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga ishora qilib. U, shuningdek, «Moskva «Tomagavklar» haqida eshitib, muloqotni davom ettirishga shoshilayotganini» ta’kidladi.

Tramp avvalroq Kiyevga 2500 kilometrgacha uchadigan Amerikaning Tomahawk qanotli raketalarini topshirishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi. AQSh prezidenti 17 oktyabr kuni Zelenskiy bilan Vashingtonda bu masalani muhokama qilish niyatini bildirdi. Ukraina prezidenti o‘z navbatida Ukraina Qurolli kuchlari Tomahawk'dan faqat harbiy nishonlarga qarshi foydalanishiga va’da berdi.

Mavzuga oid