Jahon | 11:21 / 18.10.2025
2577
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS yana bir garovga olingan shaxsning jasadini Isroilga topshirdi

HAMAS yana bir garovga olingan shaxsning jasadini Isroilga topshirdi. O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga ko‘ra, barcha halok bo‘lgan 20 nafar garovga olinganlarning jasadi 16 oktyabrga qadar topshirilishi kerak edi. Ammo Isroil hozirgacha bor-yo‘g‘i 9 ta tobut olgan.

Foto: Doaa Albaz/Middle East Images/AFP/Getty Images

Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan HAMAS harakati 17 oktyabr, juma kuni kechqurun yana bir halok bo‘lgan garovga olingan kishining jasadini Isroilga topshirdi. Bu haqda Isroil armiyasi (TSAHAL) ma’lumotlariga tayanib, AFP axborot agentligi xabar berdi.

Tobut, avvalgidek, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) vakillari orqali topshirildi. Ular, o‘z navbatida, jasad qoldiqlarini hozirda G‘azo sektorida qolayotgan TSAHAL vakillariga yetkazgan.

Isroil armiyasi mintaqada jangovar harakatlarni to‘xtatgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, HAMAS nafaqat omon qolgan 20 nafar garovga olinganni qaytarishi, balki halok bo‘lgan 28 kishining jasadini ham topshirishi shart. Harakat a’zolari tirik isroilliklarni 13 oktyabrgacha qaytarishi kerak edi, bu talab bajarildi. 28 jasadni qaytarish uchun uch kun ajratilgan, biroq hozirgacha Isroil atigi 9 ta tobut olgan. HAMAS vakillari kelishuv shartlari «bajarilgani», qolgan jasadlarni olib chiqish uchun «maxsus texnika» zarurligini da’vo qilmoqda.

Shu fonda Isroil mudofaa vaziri Israel Kats G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlash bilan tahdid qildi. «Agar HAMAS kelishuv shartlarini bajarishdan bosh torsa, Isroil AQSh bilan kelishilgan holda jangovar harakatlarni davom ettiradi», — deya Kats so‘zlarini keltiradi AFP.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid