Jahon | 23:43 / 20.10.2025
5779
2 daqiqa o‘qiladi

Lavrov va Rubio Ukrainadagi urushni hal etish yo‘llarini muhokama qildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri va AQSh davlat kotibi telefon orqali suhbatlashdi.

Foto: AP

20 oktyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio telefon orqali muloqot qildi, unda, xususan, Ukrainadagi urushni hal etish masalalari muhokama qilindi.

«Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan 16 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lidagi ehtimoliy aniq qadamlar konstruktiv muhokama qilindi», deyiladi Rossiya TIV xabarida.

O‘z navbatida, AQSh Davlat departamenti Rubio Lavrov bilan suhbatda Moskva va Vashington o‘rtasidagi hamkorlik Ukrainadagi mojaroni barqaror hal etishga erishish uchun muhimligini ta’kidlaganini qo‘shimcha qildi.

«Davlat kotibi bo‘lajak muloqotlar Moskva va Vashington uchun Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni prezident Trampning qarashlariga muvofiq uzoq muddatli hal qilishni ilgari surishda hamkorlik qilish imkoniyati sifatida muhimligini ta’kidladi», deyiladi AQSh diplomatik idorasi xabarida.

16 oktabr kuni Putin va Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Tomonlar, xususan, Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Uning yakunlari bo‘yicha Oq uy rahbari rossiyalik hamkasbi bilan Budapeshtda uchrashuv o‘tkazish niyatida ekanini aytdi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aniqlik kiritishicha, Vengriya poytaxtini Tramp taklif qilgan, Putin esa bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid