O‘zbekiston | 16:03 / 21.10.2025
11253
4 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilarning tashabbusli budjeti – “Mening maktabim” loyihasi boshlanmoqda

Yuqori sinf o‘quvchilari o‘zi o‘qiydigan maktabga kerakli shart-sharoitlarni o‘z tashabbuslari bilan qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. 22 oktyabrdan boshlab, ular “Mening maktabim” loyihasiga o‘z takliflarini kiritishi mumkin. Eng ko‘p ovoz olgan takliflar ro‘yobi uchun har bir maktabga 62 mln so‘mdan pul ajratiladi.

“Mening maktabim” loyihasidagi o‘tgan yilgi ayrim takliflar / Kollaj: Kun.uz

O‘zbekistonda maktablardagi sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan “Mening maktabim” tashabbusli budjet loyihasi boshlanmoqda.

Loyiha doirasida har bitta umumta’lim maktabiga 62 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘ni nimaga ishlatishni esa o‘sha maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari hal qiladi.

O‘quvchilar o‘z maktabini qo‘shimcha jihozlash bo‘yicha taklif kiritib, uni maktabdoshlari orasida targ‘ib qilish orqali ovoz to‘playdi. Bunda, kiritilgan takliflarga faqat shu maktabning o‘quvchilari ovoz bera oladi.

Eng ko‘p ovoz olgan loyihalar g‘olib deb topilib, so‘ralgan jihozlar xarid qilinadi.

Bu orqali yoshlarda maqsad sari jamoa bo‘lib harakat qilish ko‘nikmasi shakllanadi, liderlik qobiliyati rivojlanadi.

“Mening maktabim” loyihasi o‘tgan yili ilk marta sinov tariqasida o‘tkazilgan va unda maktab uchun kompyuter, elektron doska, sport jihozlari, faollar zali uchun jihozlar va kuzatuv kameralari kabi tashabbuslar ilgari surilgan.

Bu yildan boshlab, “Mening maktabim” respublika bo‘yicha yuqori sinf o‘quvchilari o‘qiydigan umumta’lim maktablarining barchasida o‘tkaziladi.

1-mavsumda 112 ta tumandagi 4987 ta maktab qatnashadi va bunda:

  • 22–31 oktyabr kunlari loyihalar shakllantiriladi;
  • 1–10 noyabr kunlari loyihalar saralanadi;
  • 11–20 noyabr kunlari ovoz berish bosqichi o‘tkaziladi.

Qolgan maktablar esa dekabr oyida bo‘ladigan 2-mavsumda ishtirok etadi.

Loyiha kiritish bosqichida o‘quvchilar “Ochiq budjet” portalidagi namunalar orasidan o‘ziga yoqqan loyihani tanlab olishi yoki o‘zlari yangidan loyiha shakllantirib, uni ilgari surishi mumkin.

Har bir maktabga tuman (shahar) budjetidan bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari – 61,8 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Kiritiladigan loyihalar qiymati ana shu miqdordan oshmasligi kerak.

“Mening maktabim” doirasida o‘qituvchilar va maktab ma’muriyati uchun tovar va xizmatlarni xarid qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, quyidagicha loyihalar ilgari surilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • o‘quvchilar o‘rtasida nizo keltirib chiqaradigan, faqat bir guruh o‘quvchilar foydalanishi uchun mo‘ljallangan loyihalar;
  • sanitariya me’yorlarini buzishi yoki tabiatga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan loyihalar (ichimlik suvidan samarasiz foydalanish va boshqalar);
  • maktabni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar (kommunal xizmatlar va boshqalar);
  • o‘quvchilar va o‘qituvchilarning sog‘ligi (xavfsizligi)ga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan loyihalar (attraksionlar va boshqalar);
  • o‘quvchilar vaqtini behuda o‘tkazishiga olib keladigan, o‘quv jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan loyihalar (PlayStation kabi o‘yin mashinalari va boshqalar).

To‘liqroq ma’lumot Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan infografikalarda va “Ochiq budjet” portalidagi savol-javob ruknida keltirilgan.

Mavzuga oid