Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident IT-parkda sun’iy intellektni joriy etish jarayonlari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev IT-parkka tashrif buyurib, sun’iy intellekt texnologiyalarini vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, samarador tajribalarni keng qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy intellektni tez va barqaror rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy tajribalarni doimiy tahlil qilish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlarimiz, xalqaro ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalish rivojining eng muhim omili malakali kadrlar tayyorlash ekanligi qayd etildi.
“Universitet – sanoat – xalqaro hamkorlik” sun’iy intellekt klasteri loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus doirasida o‘quvchilarda sun’iy intellekt savodxonligini oshirish, pedagog kadrlarning malakasini yuksaltirish, sohaviy darsliklarni ishlab chiqish va sanoat uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlash ishlari belgilangan.

Shuningdek, taqdim etilgan “AI Maktab” platformasi esa yoshlarni raqamli ko‘nikmalar hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan. Platforma orqali ishtirokchilar virtual yordamchi, raqamli marketolog, AI-kontent yaratuvchi, biznes-analitik kabi o‘nlab yo‘nalishlarda masofaviy ta’lim oladi.
Prezident ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning ilmiy salohiyatini jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriyalarini tashkil etishdan kutilayotgan natijalarga e’tibor qaratildi. Tijorat banklarida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Yaqin istiqbolda bunday ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni oliy ta’lim muassasalarida keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yoshlarning “PromptLab”, “Detecting-AI.com” va “KotibAI” kabi innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi. Bugungi kunda ushbu mahalliy ishlanmalar moliya muassasalari, qurilish sohasi hamda ijodiy jamoalar faoliyatida qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Sun’iy intellektni joriy etish jarayonlarini yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
07:28 / 04.12.2025
Mask: sun’iy intellekt odamlarni iqtisodiy mehnat zaruratidan ozod qiladi
15:49 / 03.12.2025
O‘zbekistonda sun’iy intellekt uchun etik me’yor va qoidalar joriy etiladi
21:13 / 01.12.2025
“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlar bilan havo sifatini birlamchi baholash mumkin bo‘ladi
10:41 / 01.12.2025