Jahon | 09:51 / 21.10.2025
4872
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina urushda g‘alaba qozonadi deb o‘ylamayman

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishini nazariy jihatdan mumkin, ammo dargumon deb atadi. Bir oy oldin u Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘zining barcha hududlarini qaytarib olishi mumkinligini aytgan edi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi/UPI Photo/IMAGO

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishiga ishonmasligini aytdi, ammo bu nazariy jihatdan mumkin ekanini ta’kidladi. Bu haqda Tramp 20 oktyabr, dushanba kuni Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bilan qo‘shma nutqida aytib o‘tdi.

«Ular hali ham g‘alaba qozonishi mumkin. Men ular g‘alaba qozonadi deb o‘ylamayman, lekin nazariy jihatdan ular g‘alaba qozonishi mumkin. Men hech qachon ular g‘alaba qozonishini aytmagandim. Hamma narsa bo‘lishi mumkin», — deya Trampning so‘zlarini keltiradi CNN.

Bir oydan kamroq vaqt oldin Oq uy rahbari Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘zining sobiq chegaralaridagi barcha hududini «jang qilib, qaytarib olishga qodir»ligini ta’kidlagan edi. «Vaqt o‘tishi bilan Yevropa, xususan, NATOning sabri va moliyaviy yordami bilan asl chegaralarni tiklash mumkin», dedi Amerika rahbari.

19 oktyabr kuni AQSh prezidenti Rossiya-Ukraina urushiga barham berish uchun Donbass mintaqasi «bo‘linishi» kerakligini, uning katta qismi Rossiya nazorati ostida qolishi kerakligini aytdi. «Bu shunday qolsin. U allaqachon bo‘lingan. Menimcha, mintaqaning 78 foizi allaqachon Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan», — dedi Tramp hamda Rossiya va Ukraina «keyinroq nimadir» bo‘yicha kelishib olishi mumkinligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid