Jahon | 20:36 / 21.10.2025
13323
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putinning Budapeshtdagi uchrashuviga tayyorgarlik to‘xtatildi

Manbaga ko‘ra, AQSh prezidenti tomonlar muzokaraga tayyor emas deb hisoblamoqda.

Foto: Contributor/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp va RF prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sammitga tayyorgarlik ko‘rish to‘xtatilgan. Bu haqda NBC News jurnalisti Garret Haake Oq uydagi manbasiga tayanib.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti ikki tomon ham «muzokaralarga hali tayyor emas» deb hisoblamoqda.

«Marko Rubio va Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon muloqoti „sermahsul“ bo‘ldi, ammo AQSh prezidenti har ikki tomon ham muzokaralarga yetarlicha tayyor emas deb hisoblaydi», – deb yozdi Haake X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ko‘p o‘tmay Reuters ham Oq uy vakiliga asoslanib, AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin vaqtlar ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berdi.

Bu vaqtda CNN ham o‘z manbalariga tayanib, Tramp va Putinning Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvi Rossiyaning maksimalistik pozitsiyasi tufayli qoldirilishi mumkinligi haqida yozgan.

Tramp o‘tgan haftada Putin bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng darhol «keyingi haftada» AQSh va Rossiya yuqori martabali delegatsiyalarining asosiy uchrashuvga tayyorgarlik doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishini, unga AQSh delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qilishini aytgandi.

Endi esa, Oq uyning anonim vakili CNN’ga ma’lum qilishicha, bu tayyorgarlik uchrashuvi qoldirilgan. Telekanal manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, buning sababi quyidagicha: Marko Rubio va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovda urush qanday tugashi kerakligi bo‘yicha «kutilmalar turlicha».

19 oktyabr kuni Lavrov va Rubio telefon orqali suhbatlashdi. Rasmiy bayonotda tomonlar suhbatni konstruktiv deb atadi, biroq CNN manbasining aytishicha, aslida Amerika tomoni Rossiya hali ham haddan tashqari maksimalistik pozitsiyaga ega deb hisoblaydi. Rubio Trampga Putin bilan keyingi haftadayoq uchrashishni tavsiya etishi «ehtimoldan yiroq», deb yozgan CNN.

Rossiya tomoni ham Lavrov va Rubio o‘rtasidagi uchrashuv rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. «Kecha G‘arbdagi ba’zi manbalar yozgan narsalarni biz tasdiqlamaymiz. Bunday kontakt muddati va joyi bo‘yicha o‘zaro yaqin tushuncha yo‘q», – degan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov CNN nashriga izohida.

Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainadagi harbiy harakatlarni mavjud front chizig‘idagi muzlatishga chaqira boshladi. Bu g‘oyani Zelenskiy ham, Yevropa yetakchilari ham qo‘llab-quvvatladi.

Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlar Tramp va Putinning Ankorijdagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga ziddir. «Hozir Vashingtondan zudlik bilan to‘xtash kerakligi, boshqa hech narsani muhokama qilishning hojati yo‘qligi haqida gapira boshlashdi. To‘xtang, keyin tarix hukm chiqarsin, deyishmoqda. Tushunyapsizmi, agar siz shunchaki to‘xtasangiz, bu mojaro sabablarini unutishni anglatadi, bu sabablarni esa Amerika ma’muriyati Donald Tramp hokimiyatga kelishi bilan aniq bilgandi», – dedi Lavrov.

Mavzuga oid