O‘zbekiston | 14:45 / 22.10.2025
3193
2 daqiqa o‘qiladi

FIA Bosh assambleyasi yig‘ilishi ilk bor Toshkentda o‘tkaziladi

10–12 dekabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Tadbirda 149 mamlakatdan 245 dan ortiq vakil ishtirok etishi kutilmoqda.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekistonning Jyenevadagi elchisi Ravshan Usmonov FIA boshqarma boshlig‘i Jonatan Refoy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Uchrashuv davomida Jonatan Refoy FIA faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil 10–12 dekabr kunlari Toshkent shahrida FIA Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Yig‘ilish doirasida yo‘l harakati xavfsizligi, avtomobil standartlari, ekologik barqarorlik, shaharlarda tirbandliklarni kamaytirish va elektr hamda gibrid avtomobillarni ommalashtirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yo‘nalishlarda manfaatdor idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirildi.

Ma’lumot uchun: FIA — 1904 yili Parijda tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, jahon avtosportini muvofiqlashtiradi, avtomobil xavfsizligini ta’minlash va madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Tashkilotning bosh qarorgohi Parijda, boshqaruv ofisi Londonda, moliya bo‘limi esa Jyenevada joylashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid