Jahon | 15:08 / 22.10.2025
4978
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yetakchilari Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatishga chaqirmoqda

Yevropa yetakchilari va Volodimir Zelenskiyning Buyuk Britaniya bosh vazirligi idorasi tomonidan e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, Ukrainadagi joriy to‘qnashuv chizig‘i «muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanishi kerak».

Foto: Stefan Rousseau/Pool/AP

Yevropa yetakchilari AQSh prezidenti Donald Trampning keyingi muzokaralar uchun Ukrainadagi to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab harbiy harakatlarni muzlatish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Tegishli bayonot 21 oktyabr, seshanba kuni Britaniya bosh vaziri Kir Starmer idorasi tomonidan e’lon qilindi.

«Biz prezident Trampning harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va hozirgi to‘qnashuv chizig‘i muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi kerakligi haqidagi pozitsiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz», — deyiladi bayonotda.

«Rossiyaning cho‘zish taktikasi Ukraina haqiqatan tinchlik tarafdori bo‘lgan yagona tomon ekanligini qayta-qayta ko‘rsatdi. Biz hammamiz Rossiya rejimi zo‘ravonlik va vayronagarchilikni tanlashda davom etayotganini ko‘rib turibmiz», — deyiladi bayonotda. 

Siyosatchilarga ko‘ra, Ukraina «eng kuchli pozitsiyada bo‘lishi kerak — har qanday sulhdan oldin, uning davomida va keyin». Yevropa yetakchilari Rossiya iqtisodiyoti va uning mudofaa sanoatiga bosimni kuchaytiradi va «Ukraina zarur resurslarni olishi uchun Rossiyaning muzlatilgan suveren aktivlaridan maksimal darajada foydalanish» choralarini ishlab chiqmoqda.

Keyingi qadamlar 24 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan Yevropa kengashi va «ko‘ngillilar koalitsiyasi» formatida muhokama qilinadi.

Bayonotni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen, Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta, Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Stere, Finlandiya prezidenti Aleksander Stubb, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Ukraina yetakchilik Volodimir Zelenskiy imzoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid