Jahon | 15:45 / 23.10.2025
3336
3 daqiqa o‘qiladi

Duma YeI «tahdidlari»ni inobatga olgan holda RF davlat budjetini ma’qulladi

Davlat dumasi 2026 yil uchun RF budjeti loyihasini va 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan rejani birinchi o‘qishda qabul qildi. Eng yirik xarajat moddasi - Ukrainaga qarshi urush. Vyacheslav Volodinning aytishicha, budjet «Yevropa Ittifoqi tahdidlari»ni ham hisobga oladi.

Foto: duma.gov.ru

Davlat dumasi 2026 yilgi RF davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va 2027 hamda 2028 yillar rejasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda chorshanba, 22 oktyabr kuni parlament quyi palatasi saytida xabar qilindi.

«Biz budjet mamlakat oldida turgan barcha masalalarni hal etishi, fuqarolarimizning manfaatlarini himoya qilishi uchun bor kuchimizni safarbar etdik, chunki ijtimoiy standartlar yuqori. Sanksiyalar va Yevropa Ittifoqi tomonidan kelayotgan tahdidlarga qaramasdan, budjet bu vazifani bajaradi», — deydi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin.

U budjetning ustuvor yo‘nalishlarini «mudofaa qobiliyati va mamlakat xavfsizligi» deb atadi. Buni RF moliya vaziri Anton Siluanov ham tasdiqladi. Uning aytishicha, budjetning asosiy bandlari — ijtimoiy majburiyatlar, mudofaa va xavfsizlik. Siluanov alohida tarzda «SVO ishtirokchilarining oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash»ni — ya’ni Ukrainaga qarshi urush doirasida — qayd etdi.

2026 yilda budjet defitsiti 3,8 trln rublni tashkil etadi (xarajatlar — 44,1 trln rubl, daromadlar — 40,3 trln rubl). Bu soliqlar oshirilishiga qaramasdan sodir bo‘ladi. Masalan, biznes uchun QQS 15 foizdan 30 foizgacha oshiriladi. QQS to‘lash uchun daromad chegarasi olti baravar keskinlashtiriladi: yiliga 60 mln rubldan 10 mln rublgacha tushiriladi.

Shu haqda gapirar ekan, Volodin ikkinchi o‘qishga qadar Moliya vazirligi biznes uchun yangi soliq qoidalarini «ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishi»ni ma’lum qildi. Lekin aniq tafsilotlar keltirilmagan.

2026 yil budjeti loyihasida mudofaa xarajatlari — ya’ni Ukrainaga qarshi urush uchun sarflar — qisman, ammo sezilarsiz darajada kamaytirildi: 13,1 trln rubldan 12,9 trln rublgacha, yoki 1,5 foizga. Mudofaa sarflari umumiy xarajatlarning taxminan 38 foiz ulushi bilan eng yirik band bo‘lib qolmoqda.

Qiyoslash uchun: urushdan oldingi 2021 yilda Rossiyaning mudofaa xarajatlari 3,6 trln rublni, yoki budjet sarflarining 15 foizdan kamini tashkil etgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid