Ayollar dunyosi | 10:58 / 23.10.2025
3470
3 daqiqa o‘qiladi

Erkaklar tushunmaydigan holat - ayollar kayfiyati nega tez o‘zgaruvchan?

Ayol kayfiyati bir kunda bir necha marta tubdan o‘zgarishi mumkin. Bu asabiylik yoki xarakter beqarorligi emas - tabiiy psixologik sikl hisoblanadi.

Foto: iStock

Psixologlar ta’kidlashicha, ayollarda baxt hissi erkaklarga nisbatan tezroq o‘zgarishi tabiiy jarayon. Bu — xarakterning beqarorligi emas, balki miyaning xavf-signal tizimi kuchliroq ishlashidan kelib chiqadi. Ayol organizmi tashqi muhit, muloqot ruhi va hatto ovoz intonatsiyasiga sezgir ravishda javob qaytaradi.

 Ayolning kayfiyati tez o‘zgarishi unda muammo borligini anglatmasligi mumkin — u faqat hissiyot to‘lqinida harakatlanayotgan bo‘ladi. Ammo buni anglash va boshqarishni hamma ham bilavermaydi. Ayrim holatlarda bu boshqalar, ya’ni erkaklar yoki yaqinlar tomonidan “erkalik”, “injiqlik”, “tantiqlik” deya talqin qilinadi va salbiy baholanishga sabab bo‘ladi. Shuning uchun biz shunday holatlarni yengillatuvchi tavsiyalar tayyorladik: ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham.

Ayollar uchun amaliy tavsiyalar

— Hissiyotni inkor qilish emas, qabul qilish — “nega shunday bo‘lyapti?” emas, “hozir menda shunday to‘lqin, o‘tadi” degan fikr ruhan yengillashtiradi.

— Energiyani talabga qarab taqsimlash — ilhom paytida ijod, muloqot; tinchlik fazasida tozalash, o‘ylanish, o‘zini tiklash.

— Tsikl taqvimidan foydalanish — PMS yoki past energiya kunlarida o‘ziga yoqimsiz hajmda yuklamalar qo‘ymaslik.

— “Qiymat hissi”ni qidirish — faqat yutuq emas, balki kimgadir foyda yetkazish, ahamiyatlilik hissini oshirish orqali baxt barqaror saqlanadi.

Erkaklar nimalarni bilishi kerak?

Mutaxassislarga ko‘ra, ayol kayfiyati o‘zgarganda erkakning eng katta xatosi — masalani darrov “tuzatishga” urinishi. Aslida ayol bu paytda yechim emas, empatiya va xavfsiz muhit izlayotgan bo‘ladi.

Bunday vaziyatda ayol erkakdan “jonga tegding”, “nima bo‘ldi yana?” degan savolni emas, “Men sen bilanman. Sening his-tuyg‘ularing men uchun muhim” degan qo‘llab-quvvatlashni kutadi. Bu javob eng yaxshi yechim bo‘lib, ayolning ichki bosimini pastga tushiradi — shundan keyingina u muammoni hal qilishga tayyor bo‘ladi.

Ayol ruhiyati mustaqil sikllar asosida ishlaydi. Uning kayfiyati tez o‘zgarishi — muammo emas, tabiiy holat. Agar ayol o‘z holatini tushunib boshqarsa, erkak esa tushunishga urinish bilan yondashsa — ikkala tomon baxt hissini uzoq saqlab qolishi mumkin.

Mavzuga oid