Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Budapeshtdagi Putin bilan uchrashuvni bekor qilganini tasdiqladi
Oq uydagi brifing chog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp oldindan rejalashtirilgan Putin bilan uchrashuvni bekor qilganini tasdiqladi. «Bu menga shunchaki noto‘g‘ri tuyuldi», - deb izohladi Oq uy rahbari o‘z qarorini.
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv bekor qilinganini tasdiqladi. «Biz prezident Putin bilan uchrashuvni bekor qildik. Menga shunchaki bu noto‘g‘ri tuyuldi. Biz kerakli nuqtaga yetisha olmasdik, deb o‘yladim. Shuning uchun men uni bekor qildim. Ammo buni kelajakda qilamiz», — dedi Tramp jurnalistlarga Yevropa vaqti bilan payshanba, 23 oktyabr kechasi Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifing davomida.
Rossiya prezidenti o‘zi boshlagan Ukrainaga qarshi urushni tugatishni hamon istaydi, deb hisoblaysizmi, degan savolga Tramp ijobiy javob berdi, deya xabar berdi CNN telekanali. «Menimcha, ular tinchlikni istashyapti, menimcha, ularning ikkalasi ham (RF prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy) tinchlikni istaydi», — dedi Tramp va «bu urushni tugatish vaqti kelganini» qo‘shimcha qildi. U, agar o‘zi prezident bo‘lganida, «bu urush hech qachon boshlanmas edi», deb ta’kidladi.
Shu bilan birga, Tramp Rossiya bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar sur’ati sekinligidan uchrashuvlardan qoniqmasligini tan oldi. «Rostini aytsam, yagona ayta oladigan gapim shuki: har gal Vladimir (Putin) bilan gaplashsam, suhbatlarimiz yaxshi o‘tadi, ammo keyin ular hech narsaga olib kelmaydi», — deya yana ta’kidladi Donald Tramp.
Bir kun avval, xuddi shu Oval kabinetda AQSh prezidenti Kreml rahbari bilan uchrashuv haqidagi qaror keyingi ikki kun ichida qabul qilinishini aytgan edi. O‘shanda Tramp jurnalist savoliga javoban: «Men befoyda uchrashuvni xohlamayman. Vaqtni bejizga sarf qilgim kelmaydi, shunday ekan, nima bo‘lishini ko‘ramiz», — degan.
16 oktyabr kuni Putin bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Tramp kelasi hafta (20–26 oktyabr) RF va AQSh delegatsiyalari muzokaralari bo‘lib o‘tishini, AQSh delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qilishini ma’lum qilgan edi. AQSh prezidenti shundan keyin u o‘zi shaxsan Vengriya poytaxtida Rossiya prezidenti bilan uchrashishini e’lon qilgan. Shu bilan birga, u Ukrainani uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalari bilan ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilishni ortga surgan, 23 oktyabr kechasi esa ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitishga olti oydan bir yilgacha vaqt talab etilishini, ammo AQSh bunday o‘qitishni rejalashtirmayotganini aytgan.
Shu paytda AQSh Moliya vazirligi Rossiyadagi eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl» — hamda ularning shu’balariga Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «Rossiyaning jiddiy qiziqishi yo‘qligi» munosabati bilan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi.
17 oktyabr kuni Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Undan bir necha kun o‘tib, AFP agentligi yuqori martabali ukrainalik amaldorga tayanib xabar berishicha, Tramp Zelenskiyga butun Donbassdan voz kechish uchun bosim o‘tkazgan. Manbaning ta’kidlashicha, davlat rahbarlarining muzokaralari «tarang» kechgan. Keyinroq Tramp mojaroni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab «muzlatish»ga da’vat etganini bildirdi.
O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 21 oktyabr kuni rus jurnalistlariga Putin va Trampning avgust oyidagi muzokaralaridan so‘ng Moskva pozitsiyasi Ukraina bo‘yicha o‘zgarmaganini aytdi. Lavrov va Rubio o‘rtasidagi uchrashuv ham bekor qilingani haqida Oq uy vakili jurnalistlarga ma’lum qilgan.
Bundan oldin Financial Times nashri sakkiz g‘arb va ukrain manbasiga tayanib xabar berishicha, Putin Alyaskadagi uchrashuv paytida Moskvaga qarshi sanksiyalarni yumshatish evaziga urushda otashkesimga rozi bo‘lish taklifini rad etgan, aksincha, Ukraina sharqida hali Rossiya nazoratiga o‘tmagan hududlarni ham Moskvaga topshirishni talab qilgan.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
09:15 / 09.06.2026
Putin va Netanyahuga order bergan prokuror vaqtincha ishdan olindi
20:34 / 08.06.2026