Jahon | 10:35 / 24.10.2025
15565
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar kosmosga 4000 ta oyna joylashtirish rejasiga qarshi chiqdi

Kaliforniyadagi Reflect Orbital startapi ulkan oynani kosmosga chiqarish uchun litsenziya olishga ariza topshirdi - uchirish kelasi yilga rejalashtirilgan. Bu kompaniyaning ulkan loyihasini amalga oshirishdagi birinchi qadam bo‘lib, Yerda tong va shom paytlarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish uchun to‘rt mingdan ortiq quyoshnur qaytargichlar (reflektorlar)dan iborat orbital guruhni yaratish ko‘zda tutilgan.

Foto: Reflect Orbital

AQSh Federal aloqa komissiyasiga (FCC) berilgan arizaga ko‘ra, EARENDIL-1 yo‘ldoshini 2026 yil aprelida uchirish rejalashtirilgan. Orbitada u 18 x 18 metr o‘lchamdagi oynasi ochilib, quyosh nurini Yer yuzasining tanlangan uchastkalariga yo‘naltirish usullarini namoyish etadi. Bundan avval Reflect Orbital AQSh havo kuchlarining SBIR dasturi doirasida 1,25 million dollar grant olgan. Keyinchalik kompaniya «talabga binoan quyosh nuri» xizmatini taklif etishni — quyosh botganidan keyin va tonggacha haq to‘lanadigan hududlarni yoritish orqali kunni amalda uzaytirishni rejalashtirmoqda.

Loyiha mualliflari o‘z oynalari tozaligi yuqori bo‘lgan energiya ishlab chiqarishni pik soatlarda oshirishga, qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishini yaxshilashga, shahar yoritishini almashtirishga, ofat zonalarida favqulodda yoritishni ta’minlashga va hatto «tunda ishlash»ni mumkin qilishga yordam beradi, deb va’da qilmoqda. Reflect Orbital 2030 yilga borib kun-u tunni ajratib turuvchi terminator chizig‘i bo‘ylab quyosh-sinxron orbitada to‘rt mingta apparatdan iborat guruhni shakllantirishni rejalashtirgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, g‘oyaga allaqachon tijoriy va davlat hamkorlari qiziqish bildirgan, loyiha to‘liq moliyalashtirilgan, shuningdek 250 mingdan ortiq ehtimoliy mijoz ariza qoldirgan.

Biroq astronomlar va ekologlar tashvishlanmoqda. Ular bunday oynalar yorug‘lik ifloslanishini oshirishi va ekosistemalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirdi. Silverado-Hills observatoriyasidan astronom Jon Berentaynning ta’kidlashicha, qaytarilgan nur Oyga nisbatan taxminan to‘rt baravar yorqin bo‘ladi va uni darhol o‘chirishning iloji yo‘q — u faqat maqsadli maydonni emas, balki atrof-muhitni ham yoritib yuboradi. Unga ko‘ra, bu hayvonlar va hasharotlar xulq-atvoriga ta’sir qiladi, shuningdek astronomik kuzatishlarni qiyinlashtiradi.

Buyuk Britaniya Qirollik astronomiya jamiyati direktori o‘rinbosari Robert Messi qo‘shimcha qilib, loyiha ilm-fan hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg‘otgani va xatarli pretsedent yaratishi mumkinligini bildirdi. «Loyihaning asosiy maqsadi — osmonni yorqinroq qilish va kunni uzaytirish, bu esa astronomiya uchun fojia», — dedi u.

Reflect Orbital vakillari bu xavotirlarga jiddiy yondashishini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, nur qaytarish qat’iy tarzda lokallashtiriladi — taxminan besh kvadrat kilometr maydon qisqa vaqtga yoritiladi, shundan keyin oyna yo‘nalishi o‘zgartirilib, Yerga nur qaytarish tugatiladi. 2026 yildagi namoyish paytida qaytarilgan nur «yorug‘lik harakatlanuvchi yulduz» kabi ko‘rinadi, Yer yuzasida esa yumshoq, «Oy yorug‘ligi» paydo bo‘ladi.

Shunga qaramay, olimlar yorug‘lik ifloslanishi allaqachon global muammoga aylanganini yodga soldi: LED-chiroqlar kengayganidan beri tungi osmon yorqinligi har yili taxminan 10 foizga ortmoqda. Bugun 20 yil avvalga nisbatan osmonda ko‘rinadigan yulduzlar soni qariyb ikki baravar kamaygan. Bundan tashqari, ortiqcha yorug‘lik tirik organizmlarning sutkalik ritmini buzadi, hasharotlar sonini qisqartiradi va inson salomatligiga — uyqusizlik, depressiya kabi holatlarga — ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan avval ham astronomlar yo‘ldoshlar soni ortib borayotganidan, ayniqsa Starlink va AST SpaceMobile kabi loyihalar munosabati bilan, norozilik bildirgan — ularning apparatlari suratlarda yorug‘ izlar qoldirmoqda.

Mavzuga oid