Jahon | 10:39 / 25.10.2025
1847
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroga qarshi sanksiyalar joriy qildi

AQSh Moliya vazirligi Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro, uning oila a’zolari va mamlakat ichki ishlar vaziri Armando Benedettiga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etdi; jumladan, ularga AQShga kirish taqiqlandi. Bu qaror haqida juma, 24 oktyabr kuni Vashingtonda AQSh moliya vaziri Skott Bessentga tayanib AFP xabar berdi.

Foto: Leonardo Munoz/AFP

Vashington tomoni Petroni «narkokartellarni gullab-yashnashga qo‘yib berganlik va ular faoliyatini to‘xtatishdan bosh tortganlik»da ayblamoqda. Shu bilan birga, Kolumbiyada Petroning o‘g‘li otasining saylovoldi kampaniyasi uchun go‘yo narkosavdogardan pul olganlikda ayblanmoqda, deb yozadi AFP. Bu ish hali sudda ko‘rilmagan.

Gustavo Petro 2022 yilda hokimiyatga kelib, inauguratsiya nutqidayoq davlat narkokartellar bilan urushdan jiddiy zaiflashganini, hukumat esa guruhlar bilan muzokara yo‘lini afzal ko‘rishini aytgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu yondashuvni tanqid qilib, Petrodan «giyohvand moddalarga qarshi urush»ni qayta boshlashni talab qilgan.

«Bir qadam ham orqaga chekinmayman va tiz cho‘kmayman», — deb yozdi Kolumbiya prezidenti AQSh Moliya vazirligi qaroriga izoh berib. Shu bilan birga, Petro avvallari Qo‘shma Shtatlar ittifoqchisi sifatida tanilgan edi.

Kolumbiya IIV rahbari Armando Benedetti yanada keskin bayonotlar berdi. Unga ko‘ra, Vashington qaroridan «har qanday imperiya adolatsiz ekani» ko‘rinib turibdi: «AQSh uchun zo‘ravonlikka qarshi bayonot — narkosavdogar bo‘lish bilan barobar. Gringolar (Lotin Amerikasida xorijiy, inglizcha so‘zlashuvchi kishilarga nisbatan ishlatiladigan atama — tahr.), uyingizga qayting», — deya keltiradi OAV uning so‘zlarini.

Petro shuningdek, Kolumbiya poytaxtida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi. U bu siyosatga AQSh harbiy kuchlarining go‘yo narkokartellarga tegishli bo‘lgan Kolumbiya kemalariga bergan zarbalari ham kirishini aytdi. Ikki oy ichida AQSh shunday 10 ta kemani yo‘q qilgan va ularda bo‘lgan kamida 43 kishini o‘ldirgan. Petro bu harakatlarni «suddan tashqari qatl etish» deb atab, amerikalik harbiylarni bunday keskin choralardan tiyilishga chaqirgan. Bunga javoban Tramp kolumbiyalik hamkasbini «bandit» deb atadi va mamlakatga narkotrafikka qarshi kurashdagi qo‘llab-quvvatlovni to‘xtatishini e’lon qildi.

Kolumbiya bilan munosabatlarda keskinlik kuchaygan bir paytda — bu mamlakat AQShning narkotrafikka qarshi kurashida uzoq yillar tayanch nuqtasi va Janubiy Amerikadagi bosh ittifoqchilaridan biri bo‘lib kelgan — Pentagon mintaqaga dunyodagi eng yirik harbiy kemalardan biri, Gerald R. Ford' atom aviatashuvchisini yuborishini ma’lum qildi. Reuters ta’kidlashicha, bu AQShning mintaqadagi eng yirik kuch namoyishi hisoblanadi.

Pentagon vakilining aytishicha, aviatashuvchining aniq qachon joylashtirilishi hozircha oshkor etilmagan. Lotin Amerikasi suvlarida allaqachon kamida sakkizta AQSh harbiy kemasi (bortda F-35 qiruvchilari bilan) va atom suvosti kemasi bor. AQSh harbiy kuchlarining bunday konsentratsiyasi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni xavotirga solmoqda, deb yozadi Reuters. Bu orada Vashington Maduroni qo‘lga tushirishga yordam berganlar uchun 50 mln dollar mukofot e’lon qildi — AQSh Adliya vazirligi unga narkotik moddalarni noqonuniy aylanmasi bo‘yicha ayb qo‘ygan.

Mavzuga oid