Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kuz keldi, lekin his qilinmayapti. Bu - xavotirlanish uchun sababmi?
O‘zbekistonda bu yil kuz haqiqatda “kelmagandek” kechmoqda - havo hali ham yozni eslatadi, yomg‘ir deyarli yo‘q, havo qurib ketgan. Hayot tabiiy sikldan chiqib ketgandek. Bu faqat ob-havodagina o‘zgarish emas - psixologik va ijtimoiy muhitga ham ta’sir qiluvchi jiddiy signal, deb hisoblaydi mutaxassislar.
Foto: Kun.uz
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, bunga yil davomida yuz bergan jazirama issiq sabab.
“O‘zbekistonda oktyabr oyi favqulodda quruq va issiq o‘tishda davom etmoqda. Yil bo‘yi kuzatilgan jaziramalar va yog‘insiz kunlar afsuski endilikda havoda mavsumiy namgarchilikning ortib borishini cheklab qo‘ymoqda. Shu sababdan mintaqaga tashrif buyurayotgan nam havo oqimlaridan yomg‘ir hosil bo‘lmayapti. Nam havo oqimlari hatto tog‘larga o‘z quvvatini tashlab keta olmayapti. Kuzning uchinchi oyi boshlanib ham yog‘ingarchilik bo‘lmayotganiga shu omil bo‘lyapti”, deydi u.
Psixologlar fikricha, inson ruhiyati fasllar almashinuviga organik ravishda bog‘langan: kuz yomg‘irsiz va havo sovimasdan o‘tsa, miya o‘zi kutgan “rejim”ni ishga tushirolmaydi. Bu odamlardagi ichki beqarorlik, sababsiz iztirob, tushunarsiz huzursizlikka olib kelishi mumkin. Chunki inson miyasi bu nomutanosiblikni xavf deb qabul qiladi.
Bunday iqlim inson kayfiyatiga qanday ta’sir qiladi?
Psixologlar kuzni ruhiy qayta sozlanish fasli deb atashadi. Ammo tabiiy hukmronlik, ya’ni hazon, hidlar, yomg‘ir, sovuq havo bo‘lmaganida:
- depressiyaga moyil odamlarda ruhiy charchoq oshadi
- asabiylik, to‘satdan portlash holatlari ko‘payishi mumkin
- bolalarda diqqat susayishi kuzatiladi
- kattalarda umidsizlik, kayfiyatsizlik, “rangsiz hayot” hissi ortadi.
Ya’ni bu faqat ob-havo emas — odamlarning kundalik munosabatlarigacha ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi.
Bir muammo izidan ikkinchisi
Tahlilchilar fikricha, bu kabi uzoq quruqlik suv tanqisligini kuchaytiradi, qishloq xo‘jaligi iqtisodiga zarba berishi, energiya tizimiga bosimni oshirishi va eng muhimi, insonlarda yashirin xavotirni yuqori darajaga olib chiqishi mumkin.
Ekofaol Aqida ushbu muammo ortidan yana bir muammo – suvsizlik ham kelayotganidan ogohlantirgan:
“Noyabr kelyapti hamki, yomg‘irdan darak yo‘q. Kun issiq.
Iqlim o‘zgarishi — bu kelajak haqida emas, bu bugungi kun haqida.
Har yili dunyo bo‘ylab issiq to‘lqinlar kuchaymoqda, yomg‘irlar normadagidan kamaymoqda yoki teskarisi — sel va suv toshqinlari ko‘paymoqda. Bu tabiatning signalidir.
O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishi o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda — yozlar tobora issiq, qishlar quruq va suv manbalari qisqarmoqda.
Xo‘sh, sizningcha bu muammoga yechim topishda qanday qilib o‘z hissamizni qo‘sha olamiz?” deb yozadi u.
Bundan eng ko‘p kim aziyat chekishi mumkin?
Iqlim o‘zgarishi jamiyatdagi barcha qatlamlarga ta’sir ko‘rsatadi, ammo global kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki — eng katta psixologik va maishiy zarba avvalo ayollar zimmasiga tushadi. Ayollar uydagi suv, oziq-ovqat, bolalar parvarishi, qariyalar qaramog‘i kabi asosiy resurslarni boshqargani uchun iqlimdagi har bir o‘zgarishni birinchi bo‘lib his qiladi. Quruq kuz, yomg‘irsiz hafta yoki havoning g‘alati issiq-salqin almashinuvi — bu erkak uchun fakt, ayol uchun esa kundalik stress manbai.
Psixologlar ta’kidlashicha, iqlim stressining eng ko‘p ruhiy zarbasi ayollarga seziladi. Suvni tejash, bolalar salomatligini ta’minlash, oziq-ovqat parhezini o‘zgartirish — bularning barchasi avval ayol tajribasida shakllanadi.
UN Women ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda bir qator mintaqalarda iqlim krizisi tufayli qiz bolalarni erta turmushga berish holatlari ortib borgan — ota-onalar uchun iqtisodiy yukni kamaytirish vositasi sifatida. Demak, bu muammo faqat ekologik emas, ijtimoiy adolat bilan bog‘liq masala ham sanaladi.
Shu yerda savol paydo bo‘ladi: biz iqlim o‘zgarishini faqat tabiat muammosi deb hisoblashda davom etsak — kech qolmaymizmi?
Mavzuga oid
17:18 / 02.12.2025
Quruq kuz: havo o‘zgarishi ayollar terisiga qanday ta’sir qiladi va qanday parvarish zarur?
10:38 / 10.11.2025
Oiladagi tinchlik faqat muhabbatdan emas - har yoshning o‘z psixologiyasi bor
10:58 / 23.10.2025
Erkaklar tushunmaydigan holat - ayollar kayfiyati nega tez o‘zgaruvchan?
23:41 / 10.10.2025