Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vilnyus aeroporti yana sharlar sabab ishini to‘xtatdi
Belarusdan Litvaga sigaret kontrabandasi uchun qo‘llanadigan havo sharlari tufayli Vilnyus aeroporti bir necha soatga yopildi. Shu bilan bir vaqtda Litva–Belarus chegarasidagi bir nechta o‘tkazish punkti ham yopildi.
Foto: Jörg Carstensen/picture alliance
Vilnyus aeroporti navbatdagi marta faoliyatini to‘xtatdi — dushanba, 27 oktyabrga o‘tar kechasi. Aeroport matbuot xizmati Facebook’da xabar berishicha, cheklov 26 oktyabr soat 21:42 dan «aeroport tomon uchayotgan havo sharlari» sabab joriy etilgan.
Xabar e’lon qilingan vaqtga kelib, xalqaro aeroport faoliyatini 27 oktyabr soat 03:40 da tiklash kutilgani ma’lum qilindi. Litva Chegara xizmati esa hududga havo sharlari kirib kelgani munosabati bilan Belarus bilan chegaradagi ikki nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopilganini bildirdi.
Litva Davlat chegarasi muhofazasi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan mamlakat havo hududiga Belarusdan kelgan havo sharlari — «meteozondlar» — bilan bog‘liq yarim mingga yaqin holat qayd etilgan. Ularni kontrabandachilar sigaretlarni chegaradan o‘tkazishda qo‘llayotgani aniqlangan.
Shu kabi sigaret kontrabandasiga mo‘ljallangan havo sharlarini Latviya va Polsha chegarachilari ham ushlamoqda. Biroq Litva uchun so‘nggi haftalardagi asosiy muammo — meteozondlar bevosita Vilnyus aeroportiga yaqinlashmoqda. Shu sabab xalqaro aeroportda parvozlarga cheklovlar joriy etilmoqda. Faqatgina oktyabr oyida Vilnyus aeroporti bu choraga kamida besh marta murojaat qilgan.
Xususan, aeroport 24 va 25 oktyabr kechqurun havo sharlari sabab yopilgan. 25 oktyabrga o‘tar kechasi xuddi shu sabab Kaunas aeroporti ham yopildi. «Bu jami taxminan 95 ta reys va deyarli 14 ming yo‘lovchiga ta’sir qildi», — deb yozadi Lrt.lt.
Litva muxolifatining ayrim vakillari YeIning boshqa davlatlarida aeroportlar ustidagi dronlar insidentlari fonida «sharlar inqirozi»ga hukumatning qattiq chora ko‘rmayotganini tanqid qilmoqda. O‘z navbatida, Litva IIV rahbari Vladislav Kondratovich 25 oktyabr kechqurun vaziyat tegishli idoralar tomonidan «doimiy kuzatuv va nazorat» ostida ekanini bildirdi.
Litva hukumati sodir bo‘layotgan holat uchun mas’uliyatning bir qismini Belarus hokimiyatining harakatsizligiga yukladi. Bosh vazir Inga Ruginenening fikricha, Aleksandr Lukashenko rejimi kontrabandachilarga to‘siq yaratmayapti.
26 oktyabr kuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat havo hududiga muntazam kirib kelayotgan kontrabandachi aerostatlar tufayli Kaliningrad viloyatiga tranzitni cheklash va Belarus bilan chegarani uzoq muddatga yopish taklifini ilgari surdi.
Mavzuga oid
13:48
Gomeldagi idish-tovoq zavodi RF uchun harbiy dronlar yetkazib beryapti
14:58 / 02.12.2025
YeI Litvaga qarshi gibrid hujumlar sabab Belarusga yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
14:47 / 02.12.2025
Wise Rossiya va Belarus fuqarolarining kartalarini YeI sanksiyalari asosida blokladi
12:33 / 01.12.2025