Jamiyat | 17:03 / 28.10.2025
28002
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga “begona” mashina – qarovsiz qoldirilgan Nissanʼning sarguzashtlari

Moldovan egasi Qo‘qon ko‘chalarida qoldirib ketgan Nissan avtomobil eng qadrlanadigan yurtda qadrsiz bo‘ldi: qariyb 500 kun chang bosib yotgan mashina davlat ixtiyoriga o‘tkazilib, auksion savdolariga chiqarildi. Bir mazza qilib “inomarki” minay, deya niyat qilgan qo‘qonlik Kozim Rahimov auksionda qatnashib, mashinani sotib oldi. Biroq u Nissan bilan birga boshiga g‘alva ham “sotib olganini” mashina eshigini ochgandagina bildi: avtomobilning rul boshqaruvi o‘ng tomonda edi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Farg‘onada Nissan avtomobili bilan bog‘liq qiziq holat sodir bo‘ldi: auksion savdolariga chiqarilgan va fuqaro tomonidan sotib olingan mashinani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilmoqda. Chunki ushbu avtomobilning rul boshqaruvi o‘ng tomonda joylashgan. Mashinani 47 mln so‘mga sotib olgan Kozim Rahimov esa endi nima qilarini bilmay, boshi qotgan.

Ko‘chada qoldirilgan Nissan

Qo‘qon shahrining Yuzlar ko‘chasidagi 51-uy yaqinida chet el davlat raqam belgisi taqilgan Nissan avtomobili ancha payt chang bosib, qarovsiz holda turdi. O‘tgan-qaytganlar biror kun egasi kelib olib ketar-da, deya mashinaga e’tibor berishmasdi. Keyinchalik ushbu Nissan moldovalik Sergey Kodrianu ismli shaxsga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Sergey Kodrianu O‘zbekistonga 2020 yil 26 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonning “Daut-ata” bojxona chegara posti orqali kirib kelgandi. O‘shanda unga transport vositasini 2022 yil 31 mart kuniga qadar O‘zbekistondan olib chiqib ketish majburiyati berilgan. Sergey Kodrianu nima maqsadda kelgani va mashinasini nega qoldirib ketgani bizga qorong‘i.

2023 yil 9 avgust kuni “Andarxon” bojxona chegara posti inspektori tomonidan Qo‘qon shahrida qarovsiz qoldirib ketilgan TO228TI davlat raqam belgili Nissan mashinasi topiladi. Avtomobil “Avto” yagona axborot almashuv tizimi dasturi orqali tekshirib ko‘rilganida u Sergey Kodrianuga tegishli ekani, O‘zbekistondan olib chiqib ketilishi kerak bo‘lgan muddatdan 497 kun o‘tib ketgani aniqlanadi. Shu sababli transport vositasiga 298 mln 498 ming so‘m miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlari hisoblangan.

JIB Qo‘qon shahar sudining 2023 yil 3 oktyabrdagi qarori bilan Sergey Kodrianu mashinasini belgilangan muddatda O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqmagani uchun 660 ming so‘m jarima jazosiga tortilgan. Nissan esa Qo‘qon shahridagi bojxona omboriga vaqtinchalik saqlovga olingan.

Bojxona omboridan auksionga “yo‘l”

Mashina eng qadrlanadigan yurtda qadrsiz bo‘lgan Nissan bojxona omborida 1 yildan ortiq qolib ketadi: 2024 yilning dekabriga kelibgina uning “taqdiri” hal qilinadi. JIB Qo‘qon shahar sudining 2024 yil 3 dekabrdagi qarori bilan mashina davlat daromadiga musodara qilingan. Avtomobil 55 mln 63 ming so‘mga baholangan.

Shu tariqa mashina sud va MIBning hujjatlaridan o‘tib, 2025 yil sentabr oyida narxini tushirib borish tartibida auksion savdolariga chiqariladi.

12 sentabr kuni o‘tkazilgan auksion savdolarida Qo‘qon shahrida yashovchi Kozim Rahimov g‘olib bo‘ladi. U avtomobilni 47 mln 354 ming so‘mga sotib oladi.

G‘olib to‘lovni amalga oshiradi va unga auksion hujjatlari rasmiylashtirib beriladi. So‘ngra dalolatnoma tuzilib, Nissan Kozim Rahimovga topshiriladi.

Ammo Nissanʼning sarguzashtlari shu bilan tugamaydi: yillab chang bosib yotgan mashina eshigini ochgan Kozim Raximov hayratlanib qoladi, chunki uning rul boshqaruvi o‘ng tomonda edi.

Shunga ham rozi bo‘lgan g‘olib avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga olib borganda bir mazza qilib “inomarki” minaman, degan niyati puchga chiqqanini sezadi. Negaki, Farg‘ona viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida ushbu Nissanʼni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etiladi.

Salonini ko‘rmagandim”

Aslida haqiqatan ham rul boshqaruvi o‘ng tomonda joylashgan avtomobillarni O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilishi mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilab qo‘yilgan.

Mazkur nizomning 22-bandiga ko‘ra, avtomototransport vositasi rul boshqaruvi o‘ng tomonda joylashgan holda taqdim etilganda YHXX va uning hududiy boshqarmalari tomonidan uni davlat ro‘yxatiga qo‘yish yozma shaklda rad etilishi mumkin.

Shu sababli Kozim Rahimovning mashinani davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni so‘rab xalq qabulxonasiga qilgan murojaatiga Farg‘ona viloyati YHXB shunday mazmunda javob qaytargan.

Auksion savdolaridan oldin mashinani joyiga borib ko‘rgandim. To‘g‘risi, juda chang bo‘lib ketgan ekan. Kaliti esa yo‘q edi. Shu sababli, uning salon qismini ko‘rolmagandim. Rul boshqaruvi o‘ng tomondaligini bilmagandim. Endi mashinani davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishmayapti”, deydi Kozim Rahimov Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Endi nima bo‘ladi?

Aslida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin bo‘lmagan ruli o‘ng tomondagi Nissanʼni yengil avtomobil toifasi sifatida auksion savdolariga chiqarishning o‘zi katta ehtimol bilan xato bo‘lgan.

Endi mashinani davlat auksionida sotib olgan fuqaro puliga kuyib qoladimi? Yoki savdo bekor bo‘lib, pul fuqaroga qaytariladimi?

Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid