Jahon | 09:41 / 29.10.2025
2992
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoriga zarba berdi

Isroil qo‘shinlari sektor janubida TSAHAL harbiylari o‘qqa tutilganidan keyin yana G‘azodagi HAMAS guruhi nishonlariga zarba berdi. Bu haqda seshanba, 28 oktabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu devoni xabar berdi.

Foto: Dawoud Abu Alkas/REUTERS

«Xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlardan so‘ng bosh vazir Netanyahu harbiylarga darhol G‘azo sektori bo‘ylab kuchli zarbalar berishni buyurdi», — deyiladi xabarda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil havo zarbalari sektorning janubiga, shuningdek G‘azo shahriga yo‘naltirilgan. HAMAS nazoratidagi mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘qqiz qurbon haqida xabar berdi. Ular tinch aholimi yoki jangchilarmi — aniq emas.

Bundan avval Isroil mudofaa vaziri Israel Kats HAMAS jangchilarini G‘azo sektorida TSAHAL harbiylariga hujum qilishda va otashkesimni buzishda aybladi. U hodisa aynan qayerda sodir bo‘lganini ochiqlamagan. OAVga ko‘ra, hujum Misr bilan chegaradagi Rafah shahri yaqinida ro‘y bergan.

Bu — G‘azodagi otashkesim xavf ostida qolgan va TSAHAL HAMAS nishonlariga zarbalar bergan ilk holat emas. Avvalroq bunday vaziyatlar 19 va 25 oktyabr kunlari ham kuzatilgan edi.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens 28 oktyabr kuni jurnalistlar savoliga javob berib, «otashkesim saqlanib turibdi», dedi. «Biroq bu umuman kichik to‘qnashuvlar bo‘lmaydi degani emas», — deya qo‘shimcha qildi u.

Vensning aytishicha, TSAHAL harbiylari HAMAS jangchilari yoki «G‘azo sektoridan qaysidir kimsa» tomonidan o‘qqa tutilgan. «Biz Isroil bunga javob berishini kutamiz. Ammo o‘ylaymanki, prezident (Tramp) erishgan tinchlik saqlanib qoladi», — deya xulosa qildi AQSh vitse-prezidenti.

2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi Yaqin Sharqda keskinlashuvning boshlanishi bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari berib, uning hududiga kirib bordi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, 250 nafar garovga olingan shaxs G‘azo sektoriga olib ketilgan. Keyinchalik ulardan ba’zilari almashinuv asosida qaytarilgan, bir qismi esa halok bo‘lgan.

Isroil javoban HAMASga urush e’lon qildi. Quruqlikdagi amaliyot va bombardimonlar oqibatida G‘azo sektorida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 170 mingdan ziyodi yaralangan. 

13 oktyabr kuni Sharm ash-Shayxdagi xalqaro «tinchlik sammiti»da G‘azo sektorida otashkesim to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. U yerda otashkesim kuchga kirdi, TSAHAL yaqinda janglar bo‘lgan hududning taxminan yarmidan qo‘shinlarni chiqardi. Isroil qariyb 2 ming falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS jangchilari esa oxirgi tirik garovga olinganlarni qaytardi, ammo hali ham ayrim marhumlar jasadlarini ushlab turibdi.

Otashkesim shartlariga ko‘ra, HAMAS qurolini topshirib, G‘azo sektoridagi hokimiyatni tark etishi lozim. Biroq jangchilar qurol topshirmayapti va siyosiy raqiblarini sudsiz qatl etish holatlarini sodir etmoqda.

Mavzuga oid