Jahon | 15:56 / 29.10.2025
7169
5 daqiqa o‘qiladi

Saudiya OPEC yetakchisi sifatida AQSh va Rossiya o‘rtasida qolib ketdi

Ar-Riyod Vashington va Moskva tufayli murakkab geosiyosiy vaziyatda qolmoqda: AQSh Rossiya neft kompaniyalariga sanksiya kiritgani ortidan, Rossiya OPEC'dan ishlab chiqarishni kamaytirishni so‘rayapti, Tramp esa 18 noyabr kuni Oq uyda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvda buning teskarisini talab qilishi kutilyapti.

Foto: REUTERS

O‘tgan hafta AQSh Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalari – “Rosneft” va “Lukoil”ga sanksiyalar joriy qildi. Bu ikki kompaniya jahon neft ta’minotining taxminan 5 foizini ishlab chiqaradi. AQShning maqsadi – Rossiya budjetiga tushadigan neft daromadlarini qisqartirish va Kremlni Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga qaytarishdir.

Bu sanksiyalar tufayli 23 oktyabrdan buyon neft narxi 5 foizga oshib, barreliga 66 dollar atrofida savdolar ketyapti. Investorlar sanksiyalar va Rossiyaning mumkin bo‘lgan javob choralaridan qo‘rqmoqda – bu esa global ta’minot zanjirini qisqartirishi mumkin.

Saudiya Arabistoni uchun diplomatik bosim

Bu vaziyat Saudiya uchun murakkab diplomatik muammoga aylandi, deb yozmoqda Reuters. Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti – OPEC'ning yetakchisi sifatida u o‘z strategik manfaatlarini saqlab qolish bilan birga, Rossiya va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni davom ettirishga majbur.

OPEC+ yig‘ilishi va qarama-qarshi manfaatlar

OPEC+ a’zolari 2 noyabr kuni dekabr oyidagi ishlab chiqarish kvotasini belgilash uchun yig‘ilish o‘tkazadi.

Reuters'ning 28 oktyabrdagi xabariga ko‘ra, guruh ishlab chiqarishni birozgina – kuniga 137 ming barrelga oshirishi ehtimolga yaqin, lekin taklifni ko‘paytirish imkoniyati atigi bir nechta davlat, xususan Saudiyada bor.

Apreldan buyon OPEC+ ishlab chiqarish maqsadini 2,7 million barrelga oshirdi, bunga global iqtisodiyotdagi o‘sish va yoqilg‘iga talabning ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.

Biroq bu o‘sish ortiqcha ta’minotni keltirib chiqardi. Xalqaro energetika agentligi (IEA) bu muvozanatsizlik kamida yana bir yil davom etishini taxmin qilmoqda.

Rossiya esa OPEC+dan ishlab chiqarishni to‘xtatish yoki kamaytirishni so‘ramoqda, chunki bozorga ortiqcha neft chiqarish uning daromadlarini qisqartiradi.

Ammo Tramp 18 noyabrda Oq uyda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvda buning teskarisini talab qilishi kutilmoqda.

Tramp energiya narxlarini pasaytirish maqsadida OPEC'ni ko‘p marta ishlab chiqarishni oshirishga chaqirgan. Shu sababli, Saudiyaning hozirgi qarorlari qisman AQSh bosimi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Sanksiyalarning ta’minotga ta’siri noma’lum

Rossiyaning yil boshidan beri ishlab chiqargan 9,2 mln barrel/kun hajmidagi neftining yarmidan ko‘pi “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarashli. Rossiya dengiz orqali eksport qiladigan neft hajmi esa 3,5 mln barrel/kun bo‘lib, shundan 47 foizi shu ikki kompaniyaga to‘g‘ri keladi .

Tramp sanksiyalar e’lon qilgach, Hindiston va Xitoydagi yirik xaridorlar AQSh sanksiyalaridan qo‘rqib Rossiya neftini xarid qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Ammo bu qisqa muddatda Rossiya ishlab chiqarishi kamayadi degani emas.

Katta ehtimol bilan Rossiya nefti “soyadagi flot” deb ataladigan kemalarda vaqtincha saqlanib, keyinchalik Xitoyning kichik neft zavodlari yoki sanksiyalarga amal qilmaydigan xaridorlarga yetkaziladi.

Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, bu jarayon kuniga 1,5 mln barrelga yaqin neftni sanksiyalarga rioya qiluvchi bozordan chiqarib tashlashi mumkin.

Shuningdek, bu bozorning bo‘linishiga, transport xarajatlari va logistika murakkabligining oshishiga olib keladi – natijada umumiy ta’minot kamaymasa ham, narxlarni oshiradi.

Saudiya uchun sinov davri

OPEC+ ittifoqi 2016 yilda tuzilgan edi va hozirda u o‘z tarixidagi eng muhim sinovlardan biriga duch kelyapti.

Saudiya – dunyodagi eng yirik neft eksportchisi – ishlab chiqarishni oshirib, Trampning “narxni past ushlab turish” talabini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Biroq bu Rossiya bilan ittifoqni zaiflashtiradi va OPEC+ birligiga putur yetkazadi.

Shunday bo‘lsa-da, hatto kichik qarorlar ham Saudiya strategiyasi uchun juda katta oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid