Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada yana ikki maxfiy xonadan jangovar qurollar topildi
Uch kun oldin Remshayd shahrida politsiya jangovar qurol-yarog‘ omborini musodara qilgan edi. Keyingi kunlarda xuddi shu uyda qurollar saqlangan yana ikki yashirin xona topildi.
Germaniyaning g‘arbidagi Remshayd shahrida katta miqdorda qurol musodara qilinganidan so‘ng, tergov jarayonida xuddi shu binoning ichida yana ikki maxfiy xona aniqlandi, ularda juda ko‘p sonli o‘qotar qurollar, o‘q-dori, portlovchi moddalar va minalar topildi. Bu haqda Vuppertal prokuraturasi va politsiyasining 28 oktyabr va 29 oktyabr kunlari e’lon qilingan qo‘shma bayonotlarida aytilgan.
Bino rejasini o‘rgangandan keyin aniqlangan yashirin xonalardan birining eshigi seyf ortida bo‘lgani, u yashirin mexanizm orqali ochilgani fosh etildi. Ikkinchisi vitrina ortida joylashgan. U yerda optika va suppressor (glushitel)lar o‘rnatilgan jangovar miltiqlar, pulemyotlar, avtomatlar va boshqa qurollar, shuningdek, o‘q-dorilar qutisi, detonatorlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz granatalari va boshqa jihozlar saqlangan.
Erkinlikdan mahrum etish ishlari bo‘yicha kriminal boshqarma mutaxassislari qurollar ishlash holatida ekanini aniqladi. Sapyorlar granata, mina va o‘q-dorilarni nazoratli portlatish ishlarini olib bormoqda.
Qurol savdosi bilan shug‘ullangan, deb gumon qilinayotgan shaxslarga qarshi ilk politsiya operatsiyasi 26 oktyabr kuni o‘tkazilgan. Asosiy uch nafar gumonlanuvchi — 34, 37 va 59 yoshdagi shaxslar qamoqqa olindi. Ular, jumladan, jangovar qurol bilan tijorat asosida va uyushgan holda savdo qilganlikda gumonlanmoqda. Aybi isbotlansa, ularni o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi kutmoqda.
Qurol sotuvchilarining mijozlari kim bo‘lgani haqida tergovchilar hozircha ma’lumot bermayapti.
Qo‘lga olishlardan oldin uzoq davom etgan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Remshaydda qurol sotuvchisi haqida ilk ma’lumotlar 2024 yil may oyida paydo bo‘lgan. So‘ng tergovchilar bu “xalqaro miqyosdagi ish” bo‘lishi mumkin, degan gumonga kelganini prokuratura vakili Volf-Tilman Baumert jurnalistlarga ma’lum qildi. Tergov kengaytirildi va Yevropol ishtirokida olib borildi. 2024 yil sentabr oyida tezkor xodimlar gumonlanuvchilardan bir necha marta sinov tariqasida qurol sotib olish amaliyotlarini o‘tkazgan.
Jami 11 ta tintuv o‘tkazildi — Remshayddan tashqari Xamm (ikkalasi ham Shimoliy Reyn—Vestfaliya federal yerida) va Tyuringiyadagi Borkslebenda. Operatsiyaga 200 dan ortiq xodim, shu jumladan, maxsus tuzilmalar jalb etildi. Tergov va musodara qilingan qurollarni ekspertiza qilish ishlari davom etmoqda. Tintuvlar davomida, shuningdek, narkotik moddalar va naqd pul ham olindi.
Mavzuga oid
12:04 / 18.06.2026
O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv ta’lim masalalarini muhokama qildi
21:45 / 17.06.2026
Audi yangi avlod A6 Allroad’ni taqdim etdi
20:04 / 17.06.2026
O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari bir qator iqtisodiy loyihalarni ishga tushirdi
10:05 / 17.06.2026