Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RF armiyasi Ukrainaga dronlar va raketalar bilan hujum qildi
Rossiya qo‘shinlari 30 oktyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga raketalar va dronlar bilan zarba berdi. Xarkiv, Sumi, Zaporijjya, Mikolayiv, Kiyev, Jitomir, Vinnitsa, Xmelnitskiy viloyatlari ustidan dronlar parvoz qilgani xabar qilinmoqda.
Tu-95MS Foto: Yuri Kochetkov/dpa/picture alliance
Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 30 oktyabrga o‘tar kechasi RF armiyasi Kiyev va Ukrainaning boshqa mintaqalariga dronlar va raketalar bilan zarbalar bergan. Ularning aytishicha, Rossiya dronlari Xarkiv, Sumi, Zaporijjya, Mikolayiv, Dnipropetrovsk, Kiyev, Cherkassi, Kirovoxrad, Jitomir, Vinnitsa, Xmelnitskiy viloyatlari ustidan parvoz qilgan. Dron zarbalari aniq qaysi hududlarga berilgani ko‘rsatilmagan.
Kiyev viloyatining Borispol shahrida kechasi amalga oshirilgan hujum oqibatida xususiy uyda yong‘in kelib chiqqan, ikkita avtomobil butunlay yo‘q qilingan, yana to‘rttasiga shikast yetgan. Shu yerning o‘zida 36 yoshli ayol jarohatlangan va yuzi hamda kaftlarida termik kuyishlar, shuningdek, bilak qismi va boldirda jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Zaporijjyaga bir nechta “Iskander-M” raketasi bilan zarba berilgan, bundan tashqari, shaharga dronlar tomonidan ommaviy hujum uyushtirilgan.
Ukrainadagi Telegram-kanallar ma’lumotiga ko‘ra, RFning Murmansk viloyatidagi “Olenya” aerodromidan yettita Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyot havoga ko‘tarilgan. Ulardan X-101 va X-55 turidagi qanotli raketalar uchiriladi.
Bundan tashqari, Ukraina Havo kuchlari xabar berishicha, RFning qanotli aviabombalari Donetsk va Sumi viloyatlariga ham tashlangan.