Jahon | 21:06 / 30.10.2025
9225
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning Si bilan uchrashuvi: yutuq yoki muvaffaqiyatsizlik?

AQSh prezidenti muzokaralarga «10 dan 12» baho qo‘ydi, tariflar pasaytirilishi, Ukrainadagi urush bo‘yicha «birgalikda ishlashlari» haqida aytdi.

Evelyn Hockstein / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Jinping Janubiy Koreyaning Pusan shahrida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu ularning 2019 yildan buyon birinchi bor yuzma-yuz uchrashishidir – oxirgi uchrashuv Trampning oldingi prezidentligi davrida ro‘y bergan. Dastlabki izohlarda AQSh prezidenti uchrashuv «qoyilmaqom» o‘tganini va ko‘plab qarorlar qabul qilinganini aytdi. Biroq, BBC iqtisodiy sharhlovchisi yozishicha, Trampning g‘olibona bayonotlari uning haqiqatan ham katta muvaffaqiyatga erishganini anglatmaydi.

Uchrashuv bir soat 40 daqiqa davom etdi, bu AQSh prezidenti jadvalida ajratilgan vaqtdan ko‘proq edi.

Uchrashuv avvalida Tramp Si Jinpingni o‘zi uchrashish «baxtiga muyassar bo‘lgan» «do‘sti» va «buyuk yetakchi» deb atagan. Si uchrashuvdan «iliq» taassurotlari qolganini aytib, AQSh va Xitoy «har doim ham bir fikrda bo‘lmasa-da», ushbu mamlakatlar «hamkor va do‘st» bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

«Bu ajoyib uchrashuv bo‘ldi. U buyuk yetakchi», – dedi Tramp jurnalistlarga o‘zining Air Force One samolyoti bortida. U uchrashuvga 10 ballik shkala bo‘yicha 12 baho qo‘yishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh fentanil giyohvandlik vositasining tarkibiy qismlarini AQShga eksport qilishni to‘xtatish choralari evaziga Xitoyning barcha tovarlariga bojlarni zudlik bilan pasaytiradi. Shuningdek, Xitoy Amerikadan soya importini tiklaydi.

Umuman olganda, AQSh Xitoy bilan bir yillik savdo kelishuviga erishgan, bu kelishuv muntazam ravishda uzaytiriladi, deb e’lon qildi Tramp uchrashuv yakunlari bo‘yicha. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim «juda tez fursatda» imzolanadi – tomonlarda «unchalik ko‘p jiddiy to‘siqlar qolmagan». AQSh savdo urushi paytida Xitoy tovarlariga kiritgan bojlar 10 foizga – 57 foizdan 47 foizga tushiriladi.

Shuningdek, Tramp «noyob yer metallari bilan bog‘liq barcha masalalar» hal qilingani, «endi Xitoy tomonidan to‘siq yo‘qligi»ni aytdi. Xitoy amalda yuqori texnologiyali mahsulotlarning aksariyati – iPhone’lardan tortib elektromobillargacha zarur bo‘lgan nodir metallarning global yetkazib berilishi va ishlab chiqarilishini nazorat qiladi. So‘nggi vaqtlarda Pekin eksport nazoratini kuchaytirdi, bu esa AQSh bilan munosabatlar keskinlashuviga olib keldi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, endi Xitoy cheklovlarning bir qismini bekor qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Tramp va Si Jinping Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgan. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bu borada «birgalikda ishlash»ga kelishib olgan.

O‘z navbatida Tayvan masalasi tilga olinmagan. Xitoy Tayvanni o‘zining isyonkor hududi deb hisoblaydi hamda bu hududni kuch bilan qaytarib olish imkoniyatini istisno etmaydi. Tayvan hech qachon Xitoy Kompartiyasi hukmi ostida bo‘lmagan, hududning demokratik yo‘l bilan saylangan hukumati bor.

Tramp aprel oyida Xitoyga tashrif buyurishi, Si Jinping esa «biroz keyinroq» AQShga borishi bo‘yicha kelishib olinganini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan, AQSh prezidentining Osiyo bo‘ylab turnesi yakunlandi, u turne davomida Malayziya, Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘ldi va endi Vashingtonga qaytmoqda. Si esa bundan keyin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etadi.

Tahlil: Ukraina uchun yomon, Rossiya uchun esa yaxshi yangilik
BBC iqtisodiy sharhlovchisi, Aleksey Kalmikov

Tramp g‘alabalar haqida jar solishni xush ko‘radi, ammo faktlar uning Si bilan uchrashuvi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Tramp aprel oyida Xitoy bilan savdo urushini kuchli pozitsiyada turib boshlagan va taslim bo‘lishni talab qilgandi. To‘qqiz oy o‘tdi va endi uning o‘zi qaltis sulh uchun yon berishga rozi bo‘lmoqda.

Nimalar haqida kelishuvga erishilganini faqat Trampning so‘zlari orqali bilyapmiz, hujjatlar esa ancha keyinroq imzolanadi va e’lon qilinadi, ammo hozirning o‘zidayoq AQSh oldingi pozitsiyalaridan chekingani ma’lum bo‘lmoqda. Tramp Xitoyni yon berishga majbur qilishni ko‘zlagan jazo choralarini bekor qilishga rozi bo‘lgan, Si esa shunchaki Trampning tahdidlarga javoban ko‘rmoqchi bo‘lgan choralarini bekor qiladi – bu ham vaqtincha, bir yil muddatga.

Yarim yil oldin ham Tramp bojlar Xitoy bilan savdodagi nomutanosiblikni tenglashtiradi va ilg‘or chiplarni yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlar AQShning asosiy iqtisodiy va harbiy raqobatchisining texnologik rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, deb hisoblayotgandi.

Tramp savdo urushini boshlashiga sabab bo‘lgan asosiy masalalarning hech biri bugungi uchrashuvda hal qilinmadi. Xitoy shunchaki stavkalarni oshirib, nodir metallar va magnitlar eksportini cheklagandi, ularsiz G‘arb avtozavodlari va mudofaa sanoati to‘xtab qoladi. Shu bilan birga, xitoyliklar AQShdan soya sotib olishni to‘xtatdi, bu esa amerikalik fermerlarni bankrotlik yoqasiga olib keldi.

Tramp bilan uchrashuvda Si shunchaki Xitoyning taktik eskalatsiyaga qadar egallab turgan pozitsiyalariga qaytdi. Ammo u Trampga hech qanday jiddiy yon bermadi. Tramp esa sulh uchun tariflarni pasaytirdi – ya’ni Xitoyga hujum qilishda ishlatgan asosiy qurolini o‘tmaslashtirdi.

Si muzokaralarni hech bo‘lmaganda teng, balki kuch nuqtayi nazaridan olib bordi, chunki Xitoy AQSh va butun G‘arbning yumshoq joyini topdi va Trampning tariflari Xitoy iqtisodiyotiga hech qanday zarar yetkazmadi.

Bunday sharoitda Trampda ajratilgan bir yarim soat ichida nafaqat amerikalik fermerlar, mudofaa va avtomobil sanoati, balki Tayvan, Ukrainadagi urush va Xitoy kompaniyalarining Rossiya neftini sotib olishi mavzularini ko‘tarish uchun vaqt va kuch qolishini tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, Si quloq solishi mumkin bo‘lgan dalillarni topish.

Trampning o‘zi uchrashuvni so‘ragan va kadrlarga ko‘ra, u olti yil ichida birinchi marta Sining yonida paydo bo‘lishining o‘zini yutuq deb hisoblagan. Shu bilan birga, Si o‘zini xuddi navbatdagi uzoq mamlakatning navbatdagi vaqtinchalik prezidenti bilan navbatchi uchrashuv o‘tkazayotgandek tutdi.

Xitoyliklar Tramp uchun mazmun emas, shakl muhimroq ekanidan yana bir bor foydalanib, uni aprel oyida Xitoyga tashrif buyurishga taklif qilishdi.

Demak, kamida yaqin 4-5 oy ichida Tramp Si bilan munosabatlarni buzmaslikka harakat qiladi va Ukraina masalasida AQShdan Xitoyga hech qanday bosim o‘tkazmaydi hamda yirik xitoylik xaridorlarga qarshi Rossiya neftini sotib olish uchun hech qanday sanksiyalarni kutmaslik kerak.

Yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar

Tramp va uning ortidan Si uchrashuv boshlanishidan bir soatdan kamroq vaqt oldin Pusanga qo‘ngan.

Tramp Xitoy yetakchisini kameralar qarshisida qutlar ekan, «juda muvaffaqiyatli uchrashuv»ni kutayotganini aytdi.

Si, o‘z navbatida, Trampning to‘qqiz oylik prezidentligi davrida ular uch marta telefon orqali gaplashganini va xat yozishganini ta’kidladi. «Dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti uchun vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar bo‘lishi odatiy holdir», – deya qo‘shimcha qildi Xitoy rahbari.

Shu bilan birga, Si jamoatchilik qarshisida AQSh va Xitoy «do‘st va hamkor bo‘lishi kerakligi»ni bir necha bor aytganini eslatdi. «Tarix bizga o‘rgatgan va voqelik talab qilayotgan narsa shu», – deya ta’kidladi u.

Shundan so‘ng Si va Tramp yopiq eshiklar ortida muzokaralar olib borish uchun chiqib ketishdi. Unda AQSh tomonidan davlat kotibi Marko Rubio, savdo vakili Jyeymison Grir, moliya vaziri Skott Bessent, savdo vaziri Hovard Latnik, apparat rahbari Syuzi Uaylz va AQShning Xitoydagi elchisi Devid Perdyu ishtirok etgan.

Xitoy delegatsiyasi tarkibiga tashqi ishlar vaziri Van I, uning o‘rinbosari Ma Chjaosyuy, Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen, apparat rahbari Say Si, savdo vaziri Van Ventao, Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi raisi Chjyen Shansze kirdi.

Uchrashuv boshlanishidan biroz oldin Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQShning yadroviy sinovlarini «zudlik bilan» qayta boshlagani haqida post e’lon qildi va Xitoyni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga oldi.

«Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa katta farq bilan uchinchi o‘rinda, ammo besh yil ichida u biz bilan tenglashadi», – deb yozgan Amerika prezidenti.

Keyinroq samolyotda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp sinovlarni qayta boshlash uchun qulay vaqt kelganini aytdi.

«Bu boshqalar bilan bog‘liq», – deya qo‘shimcha qildi prezident va AQSh hali ham eng kuchli yadroviy arsenalga ega ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid