Avto | 09:13 / 31.10.2025
2361
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen’ning bir chorakdagi zarari 1 milliard yevrodan oshdi

Volkswagen’dagi iqtisodiy yo‘qotishlarning asosiy sabablari sifatida AQSh bojlari va Porsche shu’ba kompaniyasidagi muammolar tilga olinmoqda. Konsern koronavirus pandemiyasidan keyin ilk bor choraklik zarar qayd etdi.

Foto: picture alliance

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozdan keyin ilk marta Volkswagen (VW) choraklik zararga uchradi. Kompaniya 2025 yilning uchinchi choragi (iyul–sentabr) uchun sof zarar 1,07 milliard yevroni tashkil etganini 30 oktyabr kuni Volfsburgda e’lon qildi.

Konsern moliya direktori Arno Antlits bu natijaning asosiy sabablari sifatida bojxona bojlarining oshirilishi va sportkar ishlab chiqaruvchi Porsche shu’ba kompaniyasidagi muammolarni keltirdi. Yaqinda Porsche elektromobillar ishlab chiqarish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi, ularga talab pastligi tufayli Volkswagen sentabr oyida 2025 yil uchun iqtisodiy prognozlarini keskin pasaytirgan edi.

Antlitsning ta’kidlashicha, ushbu salbiy omillar bo‘lmaganida VW’ning operatsion rentabelligi 5,4 foizni tashkil etar edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bunday ko‘rsatkich hozirgi iqtisodiy sharoitda munosib hisoblanadi».

Volkswagen ma’lumotlariga qaraganda, AQSh prezidenti Donald Trampning tarif siyosatidan kompaniya yiliga taxminan 5 milliard yevro yo‘qotmoqda. YeI va AQSh o‘rtasidagi so‘nggi savdo kelishuviga ko‘ra, Yevropadan eksport qilinadigan avtomobillarga endilikda 15 foizlik boj qo‘llanmoqda, savdo urushigacha bu 2,5 foizni tashkil etar edi.

Volfsburg konserni oxirgi bor choraklik zararni 2020 yilning ikkinchi choragida qayd etgan edi.

Mavzuga oid