Jahon | 12:32 / 01.11.2025
3904
5 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Protasevichni Belarus razvedkasi xodimi deb atadi

Nexta’ning sobiq bosh muharriri Roman Protasevich - Belarus razvedkasi xodimi, deb bayonot berdi Lukashenko. Uning aytishicha, kuchishlatar tuzilmalar “uni ushlash operatsiyasini o‘tkazgan”, garchi bu kerak bo‘lmagan. Protasevich Lukashenkoning so‘zlarini TASS agentligiga tasdiqladi.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Nexta platformasining sobiq bosh muharriri Roman Protasevichni “bizning (Belarus) razvedkamiz xodimi” deb atadi. «Protasevich — bu bizning razvedka xodimi. Uni ushlashimiz kerak edimi? Savol — nima uchun u (Ryanair samolyoti) Vilnyusga uchib borib, u yerga qo‘nmadi-yu, orqaga burilib Minskka kelib qo‘ndi — bortda qandaydir portlovchi modda bor, degan qo‘ng‘iroqdan keyin… Qo‘navering, axir siz Vilnyusga uchayotgan edingiz, Vilnyus ustida edingiz — qo‘navering. Orqaga burilishdi-da, Minskka uchib kelishdi», — dedi Lukashenko 31 oktyabr kuni Berezin biosfera qo‘riqxonasiga tashrif chog‘ida.

Ryanair samolyoti Minskka shoshilinch qo‘nganidan so‘ng, Lukashenkoning aytishicha, Belarus maxsus xizmatlari Protasevichni “ushlash operatsiyasini” o‘tkazgan, garchi bu kerak bo‘lmagan: «Bizni go‘yoki muxolifni ushlaganimizda ayblashdi. U bizniki, muxolif emas. Biz muxolifni ushlamaganmiz. Ana shunga sanksiyalar qo‘yildi», — deya davom etdi Belarus rahbari. Shuningdek, u muxoliflar «Belarus tomonini “egish” uchun bahona izlayapti», degan taxminni ham bildirdi.

Belarus demokratik kuchi rahbari Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka Lukashenkonng bayonotini shunday izohladi: «Menimcha, Lukashenko keksaygani sayin o‘zi guvohliklarida adashyapti, o‘zi nimadir o‘ylab topyapti va shunga ishonyapti. Afsuski, shuning uchun belaruslar aziyat chekmoqda».

Unga ko‘ra, 2021 yilda Protasevich Belarus hududida ushlanganidan keyin u bilan nima bo‘lganini bilmaydi: «…lekin 2021 yilgacha Roman shunchaki o‘zi edi — kamchilik va afzalliklari bilan, rejimni chindan yomon ko‘rardi, va Lukashenkoning so‘zlari juda ishonarsiz tuyulyapti», — dedi u Euroradio efirida.

Keyinroq Roman Protasevich Rossiyaning TASS agentligi muxbiri bilan suhbatda Lukashenko so‘zlarini tasdiqladi: «Mening izohim qisqa bo‘ladi: ha, bu ma’lumotni tasdiqlay olaman, lekin hozircha ayta oladiganim shuning o‘zi», — dedi u.

Ryanair aviakompaniyasining Afinadan Vilnyusga parvoz qilgan samolyoti 2021 yil 23 may kuni Belarusda majburiy qo‘nishga majbur bo‘lgan edi. Litva poytaxtiga qo‘nishga bir necha daqiqa qolganda, layner Belarus havo hududi ustida orqaga burilib, Minsk aeroportiga qo‘ndi. Belarus dispetcherlaridan bortda go‘yo bomba bor, degan xabar kelgan. Laynerni kuzatish uchun Belarus HHKning qiruvchilari ham havoga ko‘tarilgan. Aeroportning o‘zidayoq xavfsizlik kuchlari ikki yo‘lovchini — Roman Protasevich va u paytda uning tanishi bo‘lgan Sofya Sapegani — ushlagan.

2022 yil may oyida Belarus sudi Sapegani “adovat qo‘zg‘ash” va “shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash qoidalari” moddalari bo‘yicha olti yil koloniyaga hukm qilgan. Tergov bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan Protasevich esa 2023 yil mayida “Belarusda davlat hokimiyatini konstitutsiyaga xilof tarzda egallash uchun yig‘ilish” ishi doirasida sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Protasevich ishi bo‘yicha hukm hali kuchga kirmasidan avval Lukashenko uni afv etish to‘g‘risida farmon imzolagan. Sofya Sapega — Lukashenko afv etishdan bosh tortganiga qaramay — muddatni to‘liq o‘tamadi: Rossiya bilan kelishuvlar natijasida uni vatanga qaytarishdi.

2024 yil sentabrida Roman Protasevichga 24,5 mln Belarus rubli (deyarli 7 mln yevro) jarima bekor qilinganidan keyin, u dam olish uchun Dubayga chiqqan. «Men Dubaydaman, mashhur memdagi kabi minoralarni ko‘rish uchun uchib keldim. So‘nggi yillar men uchun juda tarang o‘tdi, shu bois dam olish uchun kelganman», — degan edi u o‘sha paytdagi intervyusida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid