O‘zbekiston | 09:05 / 01.11.2025
4714
2 daqiqa o‘qiladi

Monitoring natijasi: elektr va gaz bo‘yicha noreal qarzlar tugatildi

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida elektr va gaz ta’minoti sohalarida iste’molchilarga nisbatan asossiz hisob-kitoblar bekor qilindi, ortiqcha undirilgan mablag‘lar qaytarildi. Samarqand, Toshkent, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida bir qator huquqbuzarliklar bartaraf etildi.

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, Samarqandda Uzum Market MChJ ijaradagi noturar joyiga nisbatan asossiz 40,2 mln so‘mlik elektr to‘lovi hisoblangani aniqlanib, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand filiali qo‘llagan qarzdorlik noreal deb topildi va qayta hisob-kitob qilindi.

Toshkent viloyatida «So‘qoq» o‘rmon xo‘jaligiga kirish to‘lovi belgilangan 18 750 so‘mdan asossiz ravishda 50 ming so‘mga oshirilgani uchun maxsus komissiya qarori asosida fuqarodan ortiqcha olingan qariyb 32 ming so‘m qaytarish, boshqa iste’molchilarga esa jami 21 mln so‘mdan ziyod summani qayta hisoblash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Xorazmda fuqaroga tabiiy gaz bo‘yicha asossiz 2,1 mln so‘m qarzdorlik yuklangani tasdiqlanib, «Hududgazta’minot» AJ Xorazm filialiga qonun talablari tushuntirildi va qarz miqdori qayta hisoblandi.

Jizzaxda 2024 yil dekabridan 2025 yilning yetti oyigacha suyultirilgan uglevodorod gaz yetkazib berish jadvali va shartlariga rioya etilmagani aniqlanib, «Hududgaz Jizzax» AJ filialiga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va gazni o‘z vaqtida yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, Navoiyda «Qiziltepa un zavodi» AJning birja talabi va Vazirlar Mahkamasining 170-son qaroriga rioya etmagani uchun ish qo‘zg‘atilib, majburiy ko‘rsatma berildi. Qashqadaryoda «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ davlat xaridlari tanlovida affillanish holati aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rildi.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchi huquqlarini himoya qilish, ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish va bozorda shaffof raqobatni ta’minlashga qaratilgan monitoring va o‘rganishlarni izchil davom ettirishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid