Jahon | 19:13 / 02.11.2025
8627
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh urush yoqasida, Sudanda ommaviy qirg‘in – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 2 noyabr, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta davomida Isroil kelishuvga qaramay G‘azoni bombardimon qilishni davom ettirdi, AQSh va Venesuela urush yoqasiga kelib qoldi, odamlar shundog‘am dahshatli sharoitda yashayotgan Sudanda ommaviy qirg‘in yuz berdi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, haftaning shu va boshqa voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh va Venesuela urush yoqasida

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Venesuela o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashdi. Donald Tramp Venesuelada quruqlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkinligi haqida bejizga gapirmagan ko‘rinadi. Amerika prezidenti hozircha hujumga buyruq bermaganini aytmoqda, ammo mahalliy nashrlarga ko‘ra, Oq uy narkokartellar foydalanadi deb hisoblaydigan aerodrom va portlarga havo zarbalari bermoqchi.

Amerika nashrlarining yozishicha, mamlakat armiyasi Venesuelada quruqlik amaliyoti boshlashga tayyorlanmoqda. Koinotdan olingan kadrlarda Karib dengizida ulkan USS Iwo Jima desant kemasi va USS Gravely raketa esminetsi ko‘ringan. Ikkinchi kema Karakasga zarba berish uchun yetarli darajada yaqinda payqalgan.

Desantchi kema bortida 1600 nafargacha dengiz piyoda askarlari, shturmovik va harbiy vertolyotlar bo‘lishi mumkin. Guruh tarkibida odatda desantchilarni sohilga yetkazish bilan shug‘ullanadigan USS San Antonio va USS Fort Lauderdale transportyor kemalar ham bor. Ehtimoliy operatsiyani dunyodagi eng yirik aviatashuvchi hisoblangan USS Gerald R.Ford kemasi, Tomahawk bilan qurollangan oltita esminets va USS Newport News suvosti kemasi qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutilgan.

Isroil G‘azoni bombalashda davom etmoqda

AQSh prezidenti Tramp bosimi bilan Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh imzolanganiga qaramay, hafta davomida TSAHAL G‘azoni bombardimon qilishni davom ettirdi. Isroil tomoni «HAMAS TSAHAL harbiysini o‘ldirgani uchun» G‘azoni o‘qqa tutganini ma’lum qildi, HAMAS esa bu iddaoni rad etdi. Shuningdek, HAMAS Isroil mudofaa vaziri Kats Qizil Xoch xalqaro tashkiloti shifokorlari Isroildagi qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinliklarni ko‘zdan kechirishga ruxsat bermagani kelishuvni buzish ekani haqida bayonot berdi.

Aftidan, HAMAS barcha isroillik asirlar jasadini qaytarmaguncha bu muammolar tugamaydi. HAMAS yana 11 jasadni qaytarishi kerak. Ular G‘azoning har yerida ekani, vayronalar ostida qolib ketgani uchun HAMAS maxsus texnikalarsiz jasadlarni topishda qiynalmoqda.

Yadroviy poyga

Dunyodagi ikki qudratli davlat AQSh va Rossiya hafta davomida o‘z yadroviy kuchini «ko‘z-ko‘z qildi». Xususan, Rossiya yadroviy kallakni olib ucha oladigan, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «oylar davomida parvoz qilib, dunyodagi istalgan davlatgacha yetib bora oladigan» «Burevestnik» raketasi sinov parvozini amalga oshirdi. Bunga javoban Tramp AQShda 1992 yildan buyon o‘tkazilmagan yadroviy qurol sinovi o‘tkazishga tayyorlanishni buyurdi. Kreml rasmiysi Peskov «Burevestnik» sinov parvozi yadroviy qurol sinovi emasligini aytib, AQShga yadroviy qurol sinoviga o‘rnatilgan moratoriyni eslatdi.

Tovarish Peskov, o‘zi moratoriy deganlari buzish uchun chiqarilgan. Mana, bizda daraxt kesishga moratoriy joriy qilinganiga necha yil bo‘ldi, lekin «dom»chilar xohlaganicha daraxt kesib yotibdi, birov indagani yo‘q.

Rossiya neftiga taqiq

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Tramp Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi «Lukoyl» va «Rosneft»ga sanksiya joriy qilgandi. Taqiqdan ko‘p o‘tmay bu ikki kompaniyada muammolar yuzaga kela boshladi. «Lukoyl» sanksiya sabab xorijdagi aktivlarini sotishga tayyorligini ma’lum qildi. Sanksiya joriy qilinganidan ikki kun o‘tib ikki kompaniya qimmatli qog‘ozlari umumiy 5,2 milliard dollarga qadrsizlandi.

Rossiya neftining ikki asosiy xaridori Xitoy va Hindiston sanksiyadan keyin Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishi taxmin qilindi, ba’zi nashrlar bu ikki davlat rus neftiga buyurtma bermay qo‘ygani haqida yozdi. Lekin neft bozori va Rossiya iqtisodiyotidagi vaziyatga qarasa, Trampning sanksiyalari kutilganidek «vayronkor» bo‘lib chiqmadi. Balki endi ta’sir qila boshlar, lekin hozircha vaziyat keskin o‘zgarmadi, Rossiya bemalol urushni davom ettirmoqda.

Rioda qonli reyd

Dunyodagi eng notinch davlatlardan biri Braziliyada bu hafta ayniqsa dahshatli o‘tdi. Hukumat kuchlari narkokartellarga qarshi reyd o‘tkazdi. Janubiy Amerikada narkotik savdogarlari juda boy, ularning kichik armiyasi ham bo‘ladi. Braziliyada kartellar hukumat kuchlariga qarshi jiddiy kurashdi, dronlardan foydalanib butun boshli tumanlarni bloklab qo‘yishdi. Reydlar davomida kamida 132 kishi o‘lgani aytilmoqda. Xalqaro tashkilotlar Braziliya politsiyasi juda keskin harakat qilgani, holat tekshirilishi kerakligini talab qildi.

Pokrovskda nima gap?

Hafta davomida Ukrainaning Pokrovsk shahri frontning eng qaynoq nuqtasiga aylandi. Avvaliga Putin «bu shaharda minglab ukrain harbiylari qurshovda qolgani», xorijlik jurnalistlar vaziyatni ko‘rib chiqishi uchun urushni to‘xtatishga tayyorligini aytdi. Keyinroq Zelenskiy «Putin Pokrovskka kelmoqchi ekani» haqida gapirdi. Ukrain va rus kanallarida Pokrovskda chindan intensiv jang ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ikki tomon ham dronlarni yomg‘irday dushman pozitsiyalariga uchirmoqda.

1 noyabr kuni ukrain nashrlarida VSU Pokrovskka desant tashlagani aks etgan kadrlar paydo bo‘ldi. Ukraina o‘z shahriga desant tashlaganiga qaraganda, vaziyat Kiyev uchun osonga o‘xshamaydi. Shu kuni Ukraina bosh razvedkachici Kirill Budanov ham Pokrovskka yo‘l olgani aks etgan suratlar tarqaldi. Xabarlarda aytilishicha, Budanov razvedka guruhini front chizig‘idan turib boshqarishga qaror qilgan.

Melissa dovuli

AQSh Venesuela yaqiniga harbiy kemalarni yuborayotgan bir vaqtda Karib havzasiga dahshatli Melissa dovuli yopirildi. Yamayka kabi kichik davlatlarga dovul ayniqsa yomon ta’sir qildi. Deyarli butun mamlakat elektr ta’minotisiz qoldi. Bu Yamayka tarixidagi eng kuchli dovul bo‘lgani aytildi. Dovul Yamaykaga 295 km/soat tezlikda yopirilgan. Shundan ham ofat qanchalik dahshatli bo‘lganini tasavvur qilish mumkin.

Sinoptiklarga ko‘ra, Karib dengizidagi odatdagidan issiq suvlar dovul tez kuchayishiga sabab bo‘lgan. Melissadan Kuba va Haiti kabi davlatlar ham jiddiy zarar ko‘rdi. Melissa Karib havzasida kuzatilgan eng intensiv uchinchi dovul bo‘lib tarixga kirdi. U sekin harakatlanishi vayronalar ko‘p bo‘lishiga olib kelgan.

Sudanda qirg‘in

Bir necha yillardan buyon dunyodagi eng og‘ir humanitar vaziyat Sudanda kuzatilmoqda. Ikki yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushi tinch aholi o‘limiga olib kelishda davom etmoqda. Hozir Sudanda davlat amalda ikkiga bo‘lingan. Sudan hukumat armiyasi «Tezkor harakat kuchlari» deb atalmish harbiy guruh bilan urushyapti. Ana shu harbiylashgan guruh Shimoliy Darfur mintaqasi ma’muriy markazi bo‘lgan Al Fashir shahrini egallab oldi. Shahardagi Saudiya kasalxonasida 460 kishi vahshiylarcha otib tashlangan. «Sudan shifokorlar tarmog‘i» nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, «Tezkor harakat kuchlari» kasalxonadagi barchani – bemorlar, ularga qarashga kelganlarni otib tashlagan. Yetmaganiga olti nafar tibbiyot xodimini garovga olib, ularni ozod qilish evaziga 150 ming dollar talab qilgan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid