Jahon | 14:40 / 03.11.2025
4972
3 daqiqa o‘qiladi

Eron TIV rahbari zarbalardan keyin yo‘qolgan uran qayerda ekanini ochiqladi

Arag‘chi: 400 kg 60 foizgacha boyitilgan uran Eron yadroviy obektlari vayronalari ostida.

Foto: Telegram / s_a_araghchi

AQSh zarbalaridan keyin yo‘qoldi, deb xabar qilingan 60 foizgacha boyitilgan 400 kilogramm uranning katta qismi o‘sha — Eron yadroviy obektlarining vayronalari ostida, deb ma’lum qildi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Al Jazeera’ga bergan intervyusida. Intervyu parchasi uning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

Arag‘chining aytishicha, «deyarli barcha» ushbu materiallar zarbalar natijasida yo‘q qilingan korxonalarning «vayronalari ostida» qolgan. «Biz ularni vayronalar ostidan tayyor bo‘lmaguncha chiqarmaymiz. Albatta, bu 400 kilogrammdan qanchasi yaxshi holatda qolgani, qanchasi yo‘qolganini hozir bilmaymiz va vayronalardan chiqarib olmaguncha bilmaymiz», — dedi u.

Arag‘chi AQShning Eron yadroviy obektlariga zarbalaridan yetgan zararni «juda katta» deb baholab, binolar va uskunalar vayron bo‘lganini bildirdi. Shu bilan birga, u «texnologiyalar yo‘q qilinmaganini» ta’kidlab, «bizning irodamiz yo‘qolmadi, hatto urushdan keyin yanada kuchaydi», deya qo‘shimcha qildi.

Iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasida 12 kunlik urush bo‘lib o‘tdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu operatsiyani boshlash qarorini Tehronning yadroviy qurol yaratishga yaqinlashib qolgani bilan izohladi. Qarshi tomonga AQSh ham qo‘shildi hamda Fordo, Isfahon va Natanzdagi Eron yadroviy dasturining eng yirik obektlariga zarbalar berdi.

Garchi AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy dasturi «yo‘q qilinganini» aytgan bo‘lsa-da, Tehron uni qayta tiklash imkoni borligini ma’lum qildi. AEXA 60 foizgacha boyitilgan 400 kg uran izini topib bo‘lmayotganini e’lon qildi. Agentlik rahbari Rafael Grossi iyun oxirida Eron bir necha oy ichida uranni boyitish jarayonini qayta boshlashi mumkinligini aytgan. Zarbalardan keyin Tehron AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatib turdi.

AQSh Eronni yangi yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chorlab, bu bo‘yicha taklifni Ummon orqali yetkazgan. Arag‘chiga ko‘ra, Tehron Vashingtonning «aqlli, muvozanatli va adolatli taklifi»ni ko‘rib chiqishi mumkin, biroq uranni boyitishdan voz kechish niyati yo‘q.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid