O‘zbekiston | 15:17 / 03.11.2025
2905
2 daqiqa o‘qiladi

Strategik tuzilmalar yangilandi: prezident huzurida yangi kengash va agentlik

Prezidentning PF–201-son farmoniga muvofiq, strategik rejalashtirish va islohotlarni boshqarish arxitekturasi yangilandi. Mutlaqo yangi huquqiy nom va vakolatlar bilan kengash hamda agentlik qayta tashkil etildi, ularning vazifalari aniq belgilab berildi.

Farmonga ko‘ra, quyidagi qayta tashkil etish choralari amalga oshirildi:

  • Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib qayta tashkil etildi;
  • prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi.
  • Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning maqomi va vazifalari:

  • kengash vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining strategik rejalashtirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradigan idoralararo kollegial organ hisoblanadi;
  • kengash 1- va 2-darajali strategik hujjatlar loyihalarini (konsepsiyalar va strategiyalar) ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.

Ma’qullangan loyihalar keyingi tartibda Prezidentga kiritiladi.

PF–201 bilan 2025 yil 1 noyabrdan strategik rejalashtirishning uch bosqichli iyerarxiyasi — konsepsiya (7+ yil, qonun bilan), strategiya (4–7 yil, prezident hujjatlari bilan), dastur (1–3 yil, prezident/Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan) — amaliyotga joriy etilgan edi. Yangilangan tuzilmalar ushbu zanjirni uyg‘unlashtirish, monitoring va baholashni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid