Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp narkokartellarga qarshi kurashish uchun Meksikaga qo‘shin kiritmoqchi – OAV
Qo‘shinlarning joylashtirilishi muqarrar emas - operatsiya ko‘lamini muhokama qilish davom etmoqda va yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Foto: The New York Times
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati narkokartellarga qarshi kurashish uchun Meksikaga Amerika qo‘shinlarini yuborish bo‘yicha harbiy missiyani batafsil rejalashtirishni boshladi. Bu haqda NBC News nashriga vaziyatdan xabardor bo‘lgan amaldorlar ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, Meksika hududida quruqlikdagi operatsiyalarni o‘z ichiga olgan ehtimoliy missiyaga tayyorgarlikning dastlabki bosqichi allaqachon olib borilmoqda. Shu bilan birga, manbalarning ta’kidlashicha, qo‘shinlarning joylashtirilishi muqarrar emas - operatsiya ko‘lamini muhokama qilish davom etmoqda va yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Operatsiyaga AQSh razvedkasi rahbarligida harakat qiladigan Birlashgan maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari jalb qilinishi mumkin. Narkolaboratoriyalar, shuningdek, narkokartel a’zolari va yetakchilariga zarba berish uchun dronlardan foydalanish asosiy vazifa bo‘ladi.
NBC ta’kidlaganidek, bunday missiya kartellarga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat qilmasdan, mahalliy kuch tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklangan AQSh avvalgi ma’muriyatlari siyosatidan ajralgan bo‘lardi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, operatsiya ma’qullangan taqdirda, ma’muriyat uni sir saqlashni rejalashtirmoqda.
Hozir Tramp ma’muriyati Meksikadagi ehtimoliy harbiy aralashuv darajasini muhokama qilishda davom etmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, Venesueladan farqli o‘laroq, rejalashtirilgan missiya mamlakat hukumatini ag‘darishga qaratilgan emas. Shuningdek, ularning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy harakatlarni Meksika rasmiylari bilan muvofiqlashtirishni afzal ko‘radi, biroq bunday muvofiqlashtirishsiz operatsiyalar o‘tkazish imkoniyatini istisno etmaydi.
Fevral oyida AQSh Davlat departamenti Meksikaning oltita narkokartelini xorijiy terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi, bu esa Amerika razvedka agentliklari va harbiylariga jinoiy tarmoqlarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish uchun keng vakolatlar berdi, deya ta’kidlaydi NBC.
Parallel ravishda Tramp Venesuela qirg‘oqlari yaqinida narkotrafikka qarshi harbiy operatsiyani davom ettirmoqda. Sentabr oyi boshidan beri Pentagon Karib dengizi va Tinch okeanidagi 16 ta kemaga zarba berdi, natijada, AQSh harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, 64 kishi halok bo‘lgan. Ma’muriyatning Venesuelaga e’tibori AQSh giyohvand moddalar karteli a’zosi sifatida ayblanayotgan prezident Nikolas Maduroga bosim o‘tkazish kampaniyasini ham o‘z ichiga oladi. Sentabr oyi boshida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Vashington Maduro rejimini ag‘darish variantini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgandi.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40