Jahon | 08:46 / 04.11.2025
2275
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada o‘ng populistlar koalitsiya tuzilganini e’lon qildi

Yevroskeptik hukmron koalitsiyaning maqsadi “boshqacha Yevropa”ni barpo etish ekani aytildi. Chexiyaning ehtimoliy bo‘lg‘usi bosh vaziri Andrey Babish ilgari Ukrainaga yordam ajratmaslikka va’da bergan edi.

Andrey Babish Foto: Petr Sznapka/CTK/picture alliance

Chexiyada uchta o‘ng populistik partiya rahbarlari 3 noyabr kuni hukmron koalitsiya tuzilganini e’lon qildi. Hamkorlar uning maqsadi “boshqacha Yevropa” — “suveren milliy davlatlardan iborat ishonchli ittifoq” ekanini ta’kidladi, deb xabar beradi AFP agentligi.

So‘nggi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan “Norozi fuqarolar aksiyasi” (ANO) partiyasi rahbari, milliarder Andrey Babish Chexiyaning bosh vaziri bo‘lishi kutilmoqda. U hukumatni dekabr o‘rtalarigacha shakllantirish niyatida ekanini, shunda 2026 yil budjeti tasdiqlanishiga ulgurishini ma’lum qildi.

Koalitsiyaga ANO bilan birga kichik sherik sifatida antimigrant ruhdagi “Erkinlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya” (SPD) hamda “Avtomobilistlar o‘zlari uchun” partiyalari kirmoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, ushbu uch partiya parlamentning quyi palatasidagi 200 o‘rindan jami 108 tasini qo‘lga kiritgan.

SPD Chexiyaning YeIdan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydi. Partiyaning saylovoldi kampaniyasi ham migratsiyani keskin tanqid qilishga qaratilgan edi. “Avtomobilistlar” esa YeIning ichki yonuv dvigatellaridan bosqichma-bosqich voz kechish rejalariga qarshi chiqadi.

Uch partiya bayonotida YeI “a’zo davlatlarga ularning ichki suverenitetini zaiflashtiradigan qarorlarni majburiy tarzda yuklashiga haqli emas”, deyiladi.

Umummilliy darajada mashhur bo‘lgan o‘ng populistik ANO rahbari Babish Kiyevga o‘q-dorilar yetkazib berish dasturini — Praga tomonidan muvofiqlashtirilayotgan loyihani — to‘xtatish niyati borligini oldinroq bildirgan. Shuningdek, u Ukrainaga Chexiya davlat budjeti hisobidan har qanday yordamni butunlay chiqarib tashlashni rejalashtirayotganini aytdi. “Bu mablag‘lar o‘z fuqarolarimizga sarflanishi kerak”, — dedi 71 yoshli siyosatchi.

YeI siyosati borasida ham Babish qarama-qarshi kursni ko‘zlayotgani aytilmoqda. Biroq AFP qayd etishicha, u SPD'ning Chexiyaning YeIdan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazish zarurligi haqidagi pozitsiyasiga qo‘shilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid