Sport | 19:56 / 04.11.2025
11685
3 daqiqa o‘qiladi

Devid Bekhem ritsar unvonini oldi

Futbol bo‘yicha Angliya milliy jamoasi sobiq sardori, «Manchester Yunayted» klubi afsonasi Devid Bekhem ritsar unvoniga ega bo‘ldi. Oliy mukofotni 50 yoshli futbolchiga Britaniya qiroli Charlz III topshirdi.

Foto: Jonathan Brady / PA / AP / Scanpix / LETA

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III Berkshirdagi Vindzor qasrida o‘tkazilgan marosimda sobiq futbolchi Devid Bekhemni ritsarlik unvoni bilan taqdirladi.

Odatga ko‘ra, monarx Bekhemning ikki yelkasiga qilichni tekkizib qo‘ydi. Bu vaqtda sportchi odat bo‘yicha Britaniya qiroli qarshisida tizzasini yerga tekizgan ko‘yi cho‘kkalab turdi.

Devid Bekhemga ritsar unvoni Britaniya futboli va jamiyati oldidagi mehnatlari uchun topshirildi.

Bekhem ritsarlik unvonini olganidan cheksiz faxr tuyayotganini aytib o‘tgan:

Odamlar mening qanchalik vatanparvar ekanligimni bilishadi – men o‘z vatanimni sevaman. Men har doim monarxiya oilam uchun qanchalik muhimligini aytib kelganman. Men butun dunyo bo‘ylab sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim va barcha odamlar men bilan faqat bizning monarxiyamiz haqida gaplashishni xohlashadi. Men bundan faxrlanaman.

Unga marosimda turmush o‘rtog‘i sobiq qo‘shiqchi, ayni paytda moda sohasida faoliyat yuritadigan Viktoriya Bekhem, shuningdek, ota-onasi Sandra va Devid hamrohlik qilgan.

2017 yilda moda sohasidagi xizmatlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni ofitseri unvoniga sazovor bo‘lgan Viktoriya Bekhem turmush o‘rtog‘i marosimda kiygan kostyumni o‘zi tikib bergan.

Endilikda futbolchi ser, uning turshum o‘rtog‘i esa ledi maqomiga ega bo‘ldi.

Devid va Viktoriya Bekhem Vindzor qasrida, 2025 yil 4 noyabr
Andrew Matthews / AFP / Scanpix / LETA

Bekhem 2005 yildan beri Unicef gumanitar tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.

2003 yilda u qirolicha Yelizaveta II tomonidan Britaniya imperiyasi ordeni ofitseri unvoniga sazovor bo‘lgandi. 2022 yilda qirolicha vafot etganida, u 12 soatdan ko‘proq vaqt davomida uning tobuti uchun navbatda turgan.

2024 yilda Bekhem talabalar uchun ta’lim kurslarini taklif qiluvchi Qirollik jamg‘armasining elchisi etib tayinlangan.

  • Devid Bekhem futbolchilik faoliyati davrida «Manchester Yunayted», «Real», «Milan», PSJ, «Los-Anjyeles Gelaksi» klublarida o‘ynagan. «Yunayted» bilan u olti marta Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqqan, 1999 yilda Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan. U Angliya milliy jamoasi safida 115 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urgan. Ayni vaqtda Bekhem Amerikaning Lionel Messi to‘p surayotgan «Inter Mayami» futbol klubi rahbarlaridan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid