Lionel Messining «PSJ»dan «Inter Mayami» safiga o‘tishi yozning eng muhim transferiga aylanib bo‘ldi. 35 yoshli jahon chempionining «Barsa» yoki qator yulduzlar qo‘nim topayotgan Saudiya Arabistoni emas, okean ortiga yo‘l olishi ko‘pchilikni ajablantirdi. Messi qanday jamoaga o‘tgani, debyut o‘yini sanasi va uni Amerikada nimalar kutayotgani bilan tanishing.

Autsayder jamoa va ilk sovrin uchun imkoniyat

«Inter Mayami» — uzoq tarixiga ega bo‘lmagan yosh klub. AQShning serquyosh shaharlaridan biri sanalmish Mayamida MLSda (Major League Soccer) ishtirok etuvchi klub bo‘lmagani sababli, liga rahbariyati 2018 yil Florida janubida ham yangi jamoa tashkil etilishini e’lon qildi. Klubga «Inter» deb nom berildi.

«Inter Mayami»ning MLSdagi debyuti 2020 yilda amalga oshdi va o‘tgan uch yilda klub hech narsa yutgani yo‘q. Faqatgina bir marotaba pley-offga yo‘llanma olib, «Nyu-York Siti»ga mag‘lubiyatga uchradi.

Bu yil ham klubning natijalari juda yomon: jamoa Sharqiy mintaqada 15 ishtirokchi orasida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi, umumiy jadvalda esa 29 jamoa orasida 27-o‘rinda bormoqda. Klub MLS doirasidagi so‘nggi 8 o‘yinning 7tasida mag‘lubiyatga uchrab, bir o‘yinda durang qayd etgan. AQSh ochiq kubogida esa klubning ishlari ancha yaxshi – «Inter» ilk marta yarimfinalga yo‘llanma oldi va endi o‘z tarixidagi birinchi sovrinni qo‘lga kiritish uchun real imkoniyatga ega. Yarimfinal bahslari avgust oyi oxiriga belgilangan – ayni shu pallada Messi va boshqa yulduzlar Florida klubiga qo‘shilgan bo‘ladi. Leo yaqin oylardayoq jamoa tarixini yozishi mumkin.

Klub egalari: Bekhem va aka-ukalar

Ko‘pchilik klub boshqaruvida jahonning eng mashhur sobiq o‘yinchilaridan biri Devid Bekhem turganidan xabardor. Aslida esa klub egasi faqat u emas. Angliyalik yulduz ko‘proq «Inter»ning yuzi sifatida gavdalanadi, u bilan birga jamoaga aka-uka Xorxe va Xose Maslar rahbarlik qiladi. Mayamilik biznesmenlar AQShdagi yirik MasTec qurilish kompaniyasiga egalik qilishadi. Forbes nashri Xorxe Masning boyligini 1,4 milliard dollarga baholagan.

Torlik qilayotgan stadion

Mayamida futbol klubi tashkil qilinishi haqida e’lon qilingach, «Inter» uchun yangi stadion qurilishi ham boshlangandi. Hamkorlik kelishuviga ko‘ra, arenaga «DRV PNK» nomi berilib, 2020 yilda foydalanishga topshirildi. O‘yingoh Amerikadagi stadionlar uchun nisbatan kam sig‘imga ega – 18 ming tomoshabin. Aynan shu sababli ham «Inter» Messi bilan shartnoma imzolagani haqida e’lon qilgach, jamoaning mavsumdagi qolgan o‘yinlariga chiptalar bir necha soatdayoq sotib bo‘lindi.