Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Serbiyalik talabalar bir yildan so‘ng universitetlar blokadasini yakunladi
Serbiyaning qator shaharlarida darslar qayta tiklandi. Bundan avval prezident Aleksandar Vuchich mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishni va’da qildi.
Serbiyalik talabalar deyarli bir yil davom etgan hukumatga qarshi namoyishlarni to‘xtatdi. Belgrad, Novi-Sad, Nish va Novi-Pazar universitetlarida darslar 3 noyabr kuni qayta boshlandi, deb xabar berdi davlat Tanjug axborot agentligi Serbiya ta’lim vazirligiga tayanib. Boshqa oliy ta’lim muassasalaridagi blokadalar esa avvalroq yakunlangan edi.
Talabalar 2024 yil noyabr oyi o‘rtalarida Novi-Sad temiryo‘l vokzalida beton soyabon kutilmaganda qulab tushganidan so‘ng universitetlar blokadasini boshlagan edi. O‘shanda 16 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralandi. Bu fojia mamlakatda 1996 yildan buyon eng yirik va eng uzoq davom etgan norozilik harakatiga sabab bo‘ldi.
Serbiya prezidenti 2 noyabr kuni mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini va’da qilgani haqida serb OAV xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar vakolat muddati tugamasidan, ya’ni 2027 yil dekabrigacha bo‘lib o‘tadi, aniq sanani esa “tegishli institutlar” belgilaydi, deb xabar qildi N1 telekanali.
1 noyabr kuni Serbiyaning Novi-Sad shahrida vokzal fojiasi munosabati bilan taxminan 39 ming kishi to‘plandi. Serbiya IIV ma’lumoticha, shaharga butun mamlakat bo‘ylab turli hududlardan odamlar kelgan.
Novi-Sadda 2024 yil 1 noyabr kuni yaqinda ta’mirlangan temiryo‘l vokzalidagi beton soyabon qulab tushgan edi. Natijada 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishi halok bo‘ldi. Fojiadan keyin qurilish vaziri lavozimini egallagan Goran Vesich iste’fo berdi, keyinroq u va vokzal rekonstruksiyasi bilan bog‘liq yana 12 nafar shaxs qo‘lga olindi. Biroq hozirgacha ulardan hech biri javobgarlikka tortilmagan.
Vazirning iste’fosi va qo‘lga olishlarga qaramay, mamlakat bo‘ylab norozilik to‘lqini kuchaydi. Serbiya politsiyasi namoyishchilar bilan keskin to‘qnashuvlarga kirishdi. Namoyishchilar Novi-Saddagi fojiaga sabab sifatida korrupsiyani, bee’tiborlikni, qurilishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslikni va hokimiyat tepasidagi mansabdorlar o‘rtasidagi tanish-bilishchilikni ko‘rsatdi.
Yanvar oyida noroziliklar fonida Serbiya bosh vaziri va Novi-Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich lavozimini tark etishini e’lon qildi. Mart oyida mamlakat parlamenti uning iste’fosini ma’qulladi. Hukumatning yangi rahbari etib tibbiyot professori Juro Matsut tayinlandi, uning nomzodini mamlakat prezidenti Aleksandar Vuchich taklif etgan edi.
Mavzuga oid
08:35 / 06.06.2026
Serbiyada og‘ir vaziyatda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
15:00 / 03.06.2026
Belgraddagi global konferensiyada O‘zbekistonning gender tenglik borasidagi tajribasi taqdim etildi
22:15 / 18.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Serbiya prezidenti bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
08:58 / 13.05.2026