Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda yuk samolyoti quladi, qurbonlar soni ortmoqda
UPS logistika kompaniyasining MD-11 transport samolyoti Kentukki shtatining Luisvill shahrida, Gonolulu tomon parvozga chiqqanida halokatga uchradi. Hozircha yetti kishi, jumladan, ekipajning uch nafar a’zosi halok bo‘lgani ma’lum.
AQShning Luisvill shahrida United Parcel Services kompaniyasining yuk samolyoti qulashi oqibatida yerda yana 11 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi Kentukki gubernatori Endi Beshir.
Avvalroq gubernator uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. «Menimcha, bu raqam o‘sib boradi. Videodagi kadrlarni ko‘rgan har bir kishi bu falokat qanchalik dahshatli bo‘lganiga amin bo‘ladi», – dedi u jurnalistlarga.
UPS ma’lumotlariga ko‘ra, MD-11 bortida ekipajning uch nafar a’zosi bo‘lgan.
WLKY telekanali halokat ro‘y bergan vaqtda olingan kadrlarni namoyish etdi – unda samolyot havoga ko‘tarilganida qanoti yonayotganini, yerga urilganda esa ulkan olovli shar hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin. Quyosh botishi arafasida sodir bo‘lgan halokat tufayli aeroportga tutash sanoat zonasida davomli yong‘inlar yuzaga keldi, deb yozadi Reuters.
Samolyot parchalari ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab sochilib ketgan. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, yerda bir necha kishi jiddiy jarohat olgan.
Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot 34 yil avval ishlab chiqarilgan. U mahalliy vaqt bilan 17:15 atrofida halokatga uchragan.
Samolyot Havayiga uchishi kerak edi. Gonolulugacha 8,5 soatlik parvoz uchun u 38 ming gallon yonilg‘i (taxminan 144 ming litr) bilan to‘ldirilgandi.
Luisvill aeroportida UPS Worldport – kompaniyaning yuk aviatashuvlari bo‘yicha global markazi va dunyodagi eng yirik jo‘natmalarni qayta ishlash markazi joylashgan.
Rasmiylar aeroportdan 8 km radiusdagi barcha aholi punktlari aholisi uchun o‘zini izolyatsiya qilish to‘g‘risida buyruq chiqardi. «Jabrlanganlar ko‘p, yong‘in davom etmoqda. Bu hududda ko‘plab yo‘llar to‘sib qo‘yilgan – iltimos, voqea joyidan uzoqroq bo‘ling», – deya iltimos qilgan Luisvill shahri meri Kreyg Grinberg.
McDonnell Douglas MD-11F – Amerikaning McDonnell Douglas firmasi tomonidan ishlab chiqilgan uzoq masofali transport samolyoti bo‘lib, asosan FedEx Express, Lufthansa Cargo va UPS Airlines tomonidan yuk tashish uchun ishlatiladi.
McDonnell Douglas bilan birlashish chog‘ida MD-11 dasturini qo‘lga kiritgach, uni yopgan Boeing kompaniyasi jabrlanganlarning xavfsizligi va farovonligidan xavotirda ekani va tergovda hamkorlik qilishini ma’lum qildi.
Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, UPS kompaniyasi 2006 yilda foydalanishni boshlagan ushbu samolyot seshanba kuni Luisvilldan Baltimorga uchib, keyin qaytib kelgandi. Halokatdan oldin layner 175 fut (taxminan 51 metr) balandlikka ko‘tarilgan va 184 uzel (341 km/soat) tezlikka erishgan, keyin esa keskin pasaya boshlagan.
UPS hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki jarohatlanganlar haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlamaganini ma’lum qildi. AQSh Milliy transport xavfsizligi kengashi (NsB) vakili kengash tergovga boshchilik qilishini ma’lum qilgan. Odatda bunday surishtiruvlar bir yildan ikki yilgacha davom etadi.
Samolyot halokatga uchraganidan keyin Luisvill aeroporti yopilgan. Halokat UPS va kompaniyaning asosiy mijozlari, jumladan Amazon, Walmart va AQSh pochta xizmati faoliyatini izdan chiqaradi. Kompaniya avia va xalqaro jo‘natmalarni yetkazib berishning rejalashtirilgan muddatlarida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Kentukki gubernatori samolyot bortida ekologik muammoni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan hech qanday xavfli yuk bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Reuters’ning yozishicha, tergovchilar ko‘rib chiqadigan asosiy masalalardan biri - halokatdan oldin bitta dvigatel samolyotdan ajralib chiqqani sababini aniqlashdir. Bu haqda agentlikka vaziyatdan xabardor manba uchish maydonidagi vayronalar aks etgan videoyozuvlarga tayanib ma’lum qildi.
Parvozlar xavfsizligi bo‘yicha ekspert va uchuvchi Jon Koksning aytishicha, tergovchilar uch dvigatelli samolyot birinchi dvigatel yonib ketganidan keyin nima uchun havoga ko‘tarila olmaganini ham aniqlashi kerak. «Bu yong‘in oddiy, odatiy dvigatel uchun juda kattalik qiladi. U juda katta edi», – deb hisoblaydi ekspert.
«Bu samolyot ikkita dvigatelda ham uchaverishi kerak edi. Shuning uchun endi uning parvoziga nima to‘sqinlik qilganini aniqlashimiz kerak», – deya qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga oid
21:35 / 15.06.2026
Rossiyada Tu-22M3 bombardimonchisi halokatga uchradi
23:05 / 14.06.2026
Braziliyada ikki vertolyot to‘qnashishi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi
08:46 / 24.03.2026
Kolumbiyada harbiy samolyot quladi
08:45 / 24.12.2025