Jahon | 10:33 / 05.11.2025
2134
2 daqiqa o‘qiladi

RFning Dnipropetrovsk viloyatiga zarbalari: qurbonlar va jarohatlanganlar bor

Rossiya armiyasi tomonidan Dnipropetrovsk viloyatining Pokrovsk jamoati o‘qqa tutilishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi yaralandi.

Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati

Rossiya qo‘shinlari 4 noyabr kuni Ukrainadagi Dnipropetrovsk viloyatining Sinelnikovo tumaniga boshqariladigan aviabombalar va uchuvchisiz apparatlar yordamida “keng ko‘lamli hujum” uyushtirdi, deb xabar berdi Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokrovsk jamoatida poselka markaziga qilingan aviahujum natijasida ikki erkak, jumladan bir politsiyachi halok bo‘ldi. Yana to‘rt kishi, shu jumladan politsiya xodimi yaralandi. Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Vladislav Gayvanenko aniqlashtirishicha, halok bo‘lganlar 47 va 35 yoshda edi.

Hujum joyida yong‘in chiqdi, u allaqachon o‘chirildi. Do‘konlar, savdo pavilonlari, kafe, sartaroshxona, avtomobillar va besh qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan. Petropavlovsk jamoatida xususiy uy yongan, yana uch uyga zarar yetgan. Xo‘jalik inshootlari va avtomobillar ham vayron bo‘lgan.

Shu orada Dnipropetrovsk VHM rahbari ta’kidlashicha, Sinelnikovo tumanidagi Mikolayiv jamoatiga qilingan tungi hujumdan jabrlanganlar soni to‘qqiz nafarga yetdi: 14 yoshli qiz tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan va kasalxonaga yotqizilgan.

4 noyabr tongida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning bir nechta mintaqasiga navbatdagi havo hujumlarini amalga oshirdi. Dnipropetrovsk viloyatining Mikolayiv jamoatida raketa va dron qo‘llangan qo‘shma zarba natijasida 65 yoshli ayol halok bo‘lgani haqida Gayvanenko avvalroq xabar qilgan edi.

Mavzuga oid