Jahon | 19:02 / 06.11.2025
3086
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi Jyekson-Venik tuzatishini bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi

Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari - Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini cheklaydigan va 1974 yildan beri amalda bo‘lgan tuzatishni bekor qilish haqidagi qaror loyihasi Kongressning ikkala palatasiga ham kiritildi.

Foto: Getty images

AQSh Kongressining ikkala palatasi - Senat va Vakillar palatasi 1974 yildan beri amalda bo‘lgan va migratsiya erkinligiga to‘sqinlik qiluvchi davlatlar bilan savdo aloqalarini cheklaydigan Jyekson-Venik tuzatishini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi.

Sovuq urush davrida qabul qilingan tuzatish uzoq yillar davomida bir qator davlatlar, sobiq SSSR davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan savdoga siyosiy cheklovlar qo‘ygan edi.

SSSR parchalanganidan so‘ng, qonun avtomatik ravishda barcha MDH mamlakatlariga taalluqli bo‘ldi. Keyinchalik, AQSh ba’zi davlatlarni uning ta’siridan chiqardi: Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Armaniston, Gruziya, Latviya, Litva, Estoniya. Biroq, Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari - Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston - cheklovlar ostida qolmoqda.

Stiv Deyns (Respublikachilar partiyasi) va Kris Myorfi (Demokratlar partiyasi) boshchiligidagi senatorlar guruhi tuzatishni uzil-kesil bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Senatga kiritdi.

Parallel ravishda hujjat Vakillar palatasida ham ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu tashabbusning ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlaydi.

Tashabbusning asosiy maqsadi AQSh savdo qonunchiligini yangilash va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tuzatishning bekor qilinishi quyidagilar uchun sharoit yaratadi:

- Markaziy Osiyo mamlakatlarining AQSh bozoriga kirishini kengaytirish;

- Amerika investitsiyalarini jalb etish;

- mintaqaning Vashington bilan strategik sherikligini mustahkamlash.

Mavzuga oid