Jahon | 15:41 / 07.11.2025
2841
3 daqiqa o‘qiladi

Bolgariyada “Lukoyl” NQZni sotish: parlament prezident vetosini yengib o‘tdi

Bolgariya parlamenti “Lukoyl” aktivlarini sotishga oid qonun loyihasiga qo‘yilgan prezident vetosini rad etdi. Shu bilan bir paytda Sofiyada Burgasdagi “Lukoyl” NQZni musodara qilib sotishga imkon beradigan qonun ham ishlab chiqilmoqda.

Foto: EPA

Bolgariya parlamenti 6 noyabr kuni prezident Rumen Radevning “Lukoyl” aktivlarini sotish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qo‘ygan vetosini yengib o‘tdi. Bir kun oldin Radev 24 oktyabrda qabul qilingan Investitsiyalar to‘g‘risidagi qonundagi o‘zgartishlarga oid loyihani parlamentga qaytargan edi, bu o‘zgartishlar “Lukoyl”ga qarashli to‘rtta kompaniya aktivlarini cheklashni nazarda tutadi.

Prezident o‘z vetosini shunday asosladi: bunday bitimlar uchun Davlat milliy xavfsizlik agentligining roziligi talab etilishi hukumatni ushbu idora qarorlariga bog‘lab qo‘yadi, bu esa Bolgariya konstitutsiyasiga zid.

Ovoz berish yakuniga ko‘ra, prezident vetosini faqat muxolifatdan 74 deputat qo‘llab-quvvatladi, qolgan 125 deputat uni rad etdi.

Shu bilan birga, bolgar hokimiyati qonunchilikka Burgasda “Lukoyl”ga tegishli NQZni davlat nazoratiga olish va yangi egasiga sotish imkonini beruvchi tuzatishlar kiritmoqchi. Bu haqda 5 noyabr kuni Mediapool va “Kapital” kabi mahalliy OAV xabar qildi. Ularning ta’kidlashicha, bunday qadam AQSh tomonidan Rossiya neft kompaniyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar ta’siridan korxonani himoya qilishni ko‘zlaydi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Neft va neft mahsulotlari bilan bog‘liq xo‘jalik faoliyatini ma’muriy tartibga solish to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar loyihasi Bolgariyadagi “Lukoyl” aktivlariga maxsus boshqaruvchi tayinlashni nazarda tutadi. U aktivlardan foydalanishni, jumladan ularni sotishni ham amalga oshirishi mumkin bo‘ladi, eski egasi ovoz berish huquqidan va hatto qarorlarni sudda shikoyat qilish huquqidan ham mahrum etiladi.

Burgasdagi “Lukoyl–Neftoxim” neft-kimyo kombinati — Bolgariyadagi yagona NQZ va “Lukoyl”ning xorijdagi tarmog‘idagi asosiy aktiv hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiya kompaniyasi mamlakatda yonilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini ham boshqaradi. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati joriy etgan sanksiyalar uning Bolgariyadagi barcha aktivlariga taalluqli.

Oktyabr oyi oxirida “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar fonida Bolgariya parlamenti kelgusida neft mahsulotlari tanqisligini oldini olish uchun dizel va aviayonilg‘ining eksportini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid