Jahon | 13:07 / 07.11.2025
1866
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda muxolifatning 8 nafar yetakchisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Gurjiston Bosh prokuraturasi asosiy muxolifat partiyalari rahbarlarini davlatga qarshi qaratilgan bir qator jinoyatlarda ayblamoqda. Sakkiz ayblanuvchining olti nafari, jumladan sobiq prezident Mixail Saakashvili ham hibsda.

Foto: Alexander Imedashvily/Sputnik/(picture alliance/dpa

Gurjiston prokuraturasi konstitutsion tuzumni ag‘darishga chaqiriqlar bo‘yicha sakkiz nafar muxolif siyosatchiga, shu jumladan mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashviliga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atdi. Bu haqda 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Gurjiston bosh prokurori Georgiy Gvarakidze ma’lum qildi, deb yozadi mahalliy OAV.

Ayblanuvchilar orasida Saakashvilidan tashqari Gurjistonning uchta asosiy muxolifat bloki vakillari — Georgiy Vashadze, Nika Gvaramiya, Nika Meliya, Zurab Japaridze, Elene Xoshtariya, Mamuka Xazaradze va Badri Japaridze bor. Muxolifat siyosatchilarining olti nafari, shu jumladan sobiq prezident, allaqachon qamoqda saqlanmoqda.

Gvarakidzega ko‘ra, siyosatchilarga “sabotaj, chet el davlatiga dushmanlik faoliyatida yordam berish, konstitutsion tuzum va milliy xavfsizlik asoslariga qarshi faoliyatni moliyalash, shuningdek konstitutsion tuzum yoki davlat hokimiyatini zo‘ravonlik yo‘li bilan almashtirishga chaqiriq” ayblari qo‘yilgan.

Prokuratura uch muxolif siyosatchini — Elene Xoshtariya, Zurab Japaridze va Georgiy Vashadzeni Gurjistonning Rossiya bilan iqtisodiy va mudofaa aloqalari haqidagi ma’lumotlarni “xalqaro sanksiyalarni joriy etish uchun sun’iy asos yaratish maqsadida” boshqa davlatlar hukumatlariga taqdim etganlikda ham ayblamoqda. Biroq ular qaysi davlatlar ekani ko‘rsatilmagan. Georgiy Gvarakidze tushuntirishicha, Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlangach, milliy xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, Gurjiston hokimiyati Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiya joriy etmagan — bu ehtimoliy harbiy to‘qnashuvdan qochish va mamlakatda tinchlikni saqlash uchun qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muxolifat yetakchilarining harakatlari Gurjiston davlat manfaatlariga zid bo‘lgan.

Oktyabr oyi oxirida hukumatparast “Gurjiston orzusi” partiyasi Gurjiston Konstitutsiyaviy sudiga uch muxolifat partiyasini — “Milliy harakat”, “O‘zgarishlar koalitsiyasi” va “Lelo — Kuchli Gurjiston”ni tarqatib yuborish haqida ariza kiritgan edi.

Mavzuga oid