Jahon | 19:41 / 07.11.2025
3785
3 daqiqa o‘qiladi

«Pedofillar uchun maydon» – Roblox sudga berildi

AQSh Texas shtati bosh prokurori Ken Pakston mashhur Roblox onlayn platformasiga qarshi da’vo arizasi kiritib, kompaniyani onlayn-pedofillar va daromadni bolalar xavfsizligidan ustun qo‘yishda aybladi.

Foto: Roblox

Pakston so‘zlariga ko‘ra, Roblox o‘zini bolalar uchun xavfsiz raqamli makon sifatida reklama qilmoqda, biroq «aslida yirtqichlar ko‘payadigan joyga aylangan».

«Biz Roblox kabi platformalarning pedofillar uchun raqamli maydoncha bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, u yerda bolalarimizning farovonligi korporativ ochko‘zlik qurboniga aylanadi. Roblox bolalarni ekran ortiga yashiringan kasal va buzuq odamlardan himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak», dedi bosh prokuror.

Roblox rasmiylarning da’vo qo‘zg‘atish qaroridan qattiq hafsalasi pir bo‘lganini aytdi va ayblovlarni «chalg‘ituvchi va shov-shuvli» deb atadi.

«Biz bosh prokuror Pakstonning bolalar onlayn xavfsizligiga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Aynan shuning uchun biz foydalanuvchilarni himoya qilish va buzg‘unchilarni bloklash uchun sohadagi eng qat’iy qoidalarni joriy etmoqdamiz. Biz huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz va xavfsizlik tizimlariga sarmoya kiritamiz», deyiladi kompaniya xabarida.

Ta’kidlanishicha, platformada shaxsiy ma’lumotlar almashinuvini bloklovchi filtrlar mavjud, minglab moderatorlar 24 soat davomida postlar, rasmlar, audio va videolarni kuzatib boradi. Joriy yilda kompaniya 145 dan ortiq yangi xavfsizlik choralarini joriy etdi, shuningdek, kattalarning voyaga yetmaganlar bilan muloqotini cheklash uchun foydalanuvchilarning yoshini baholash texnologiyasini tayyorlamoqda.

Avvalroq Roblox platformasiga qarshi xuddi shunday da’volar Luiziana va Kentukki bosh prokurorlari tomonidan berilgan bo‘lib, kompaniya bolalarni jinoyatchilardan yetarlicha himoya qilmayotgani da’vo qilingandi.

Roblox - bu foydalanuvchilar o‘yinlar yaratishi va o‘ynashi, shuningdek, bir-biri bilan muloqot qilishi mumkin bo‘lgan onlayn platforma. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, har chorakda platformada 151,5 millionga yaqin foydalanuvchi faol ishtirok etib, u yerda deyarli 40 milliard soat vaqt o‘tkazadi.

Roblox'da bepul o‘ynash mumkin, ammo platforma o‘z valutasi Robux orqali o‘yin ichidagi xaridlarni taklif qiladi.

Mavzuga oid