Jamiyat | 14:43 / 08.11.2025
3115
1 daqiqa o‘qiladi

Aeroportda dorilar kontrabandasiga urinish fosh etildi

“Toshkent-AERO” Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari Dehlidan kelgan yo‘lovchining hiylasini bartaraf etdi: u Umradan qaytgan ziyoratchidek ko‘rinishga uringan holda 1 798 dona, qiymati salkam 205 mln so‘m bo‘lgan dori vositalarini yashirincha olib kirmoqchi bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dehlidan uchib kelgan yo‘lovchi aeroportning kelish zalida aynan shu paytda Umra safarida bo‘lgan yo‘lovchilar ham qaytayotganini ko‘rib, nazoratdan chetlab o‘tish maqsadida hiyla rejalashtirgan. U hojatxonada kiyimini almashtirib, o‘zini ziyoratchidek tutishga harakat qilgan.

Biroq chegara bojxona posti xodimlari yo‘lovchining xatti-harakatlaridan shubhalanib, uni belgilab olib, bagajini belgilangan tartibda ko‘zdan kechirdi. Tekshiruv natijasida chamadonda turli nomdagi 1 798 dona dori vositasi aniqlandi va ularning umumiy qiymati salkam 205 million so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid