Jahon | 16:36 / 08.11.2025
5316
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada yangi spiker parlament binosidan Ukraina bayrog‘ini olib tashladi

Pragada parlamentning yangi raisi Tomio Okamura 6 noyabr kuni bino fasadidan Ukraina bayrog‘ini olib tashlashni buyurdi va bu siyosiy mojaroga sabab bo‘ldi. Ukraina Oliy Radasida spikerning harakati «shubhali» deb baholandi.

Foto : Tomio Okamura/X

Oktyabr oyidagi parlament saylovlarida mag‘lubiyatdan so‘ng iste’foga chiqqan oldingi hukumat koalitsiyasi vakillari bu harakatni «sharmandalik» deb atadi. Norozilik ifodasi sifatida ular parlamentdagi ish xonalarining oynalariga Ukraina bayrog‘ini ilib qo‘ydi.

«Chexiya Respublikasi — eng avvalo», — deb izohladi qaroriga Okamura. Internetda siyosatchining bayroqni olish jarayonida boshqa bir odamga narvonni ushlab turgani aks etgan surat tarqatildi.

Okamura keskin o‘ng qarashli siyosatchi sifatida tanilgan, u o‘tmishda bir necha bor keskin shior va bayonotlari bilan e’tibor jalb qilgan. Chorshanba kuni «Erkinlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya» partiyasi yetakchisi Okamura parlament quyi palatasi spikerligiga kelajakdagi koalitsiya sheriklari — populist ANO harakati va Motoriste sobě partiyasi qo‘llovi bilan saylandi.

Okamura harakati faqat Chexiyada emas, mamlakat tashqarisida ham qoralandi. Ukraina Oliy Radasi spikeri Ruslan Stefanchuk 7 noyabr kechasi X platformasida: «Yevropa mamlakati parlamentidan — xalqi Ukrainaga adolatli kurashda yordam berib kelayotgan bir paytda — Ukraina bayrog‘ini olib tashlash — shubhali harakat», deb yozdi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli hujumi boshlangach, Chexiya parlamenti binosiga Kiyev bilan hamjihatlik ramzi sifatida Ukraina bayrog‘i ilingan edi. U Chexiya milliy bayrog‘i, Yevropa Ittifoqi va Isroil bayroqlari qatorida turgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid