Jahon | 11:46 / 08.11.2025
1635
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklarga multiviza berish taqiqi 10 noyabrdan kuchga kiradi

YeIning rossiyaliklarga ko‘p marotabalik Shengen vizalarini berishni taqiqlovchi yangi qoidalarida alohida holatlarda gumanitar sabablarga ko‘ra istisnolar qo‘llanishi mumkin. Taqiq 10 noyabrdan kuchga kiradi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqining Rossiya fuqarolariga ko‘p marta kirishga mo‘ljallangan Shengen vizalarini berishni taqiqlovchi yangi qoidalaridan alohida holatlarda gumanitar xarakterdagi sabablar asosida istisnolar qilish mumkin. Bunday holatlar uchun maxsus qoidalar amal qiladi, deb 7 noyabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi DW tahririyati so‘roviga javoban tushuntirdi. Yangicha cheklovlar zarurati Germaniya TIV tomonidan Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkor urushi va Rossiyaning gibrid harakatlari YeI va uning a’zo davlatlari xavfsizligi hamda jamoat tartibiga tahdid solayotgani bilan izohlandi.

Yangi qoidaga ko‘ra, 2025 yil 10 noyabrdan boshlab, Rossiyada viza olish uchun ariza topshirayotgan rossiyalik fuqarolarga kelgusida faqat qisqa muddatli amal qilish muddatiga ega bo‘lgan bir marotabalik Shengen vizalari beriladi.

Ushbu normani izohlar ekan, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlashicha, xalqaro huquqni buzuvchi Rossiyaning tajovuzkor urushi boshlanganidan beri Germaniya hukumati Shengen kelishuviga a’zo boshqa davlatlar bilan birgalikda Rossiyaga nisbatan yagona cheklovchi vizaviy siyosatni qo‘llab-quvvatlab keladi.

Avvalroq Politico nashri yozishicha, pandemiyagacha bo‘lgan davrga nisbatan hozirgi paytda Rossiya fuqarolariga berilgan Shengen vizalar soni sezilarli darajada kamaygan. Bu pasayish Shengenga kiruvchi turli davlatlar orasida turlicha namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Gretsiya va Vengriya nisbatan ko‘proq Shengen vizalari beradi, ularning katta qismi rossiyalik sayyohlarga to‘g‘ri keladi. Yangi qoidalar bu vaziyatda o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda.

Bryusselda bu yangi choralar Ukrainadagi urush tufayli Yevropa Ittifoqi mamlakatlari xavfsizligiga ehtimoliy xatarlarni kamaytirish maqsadida arizachilarni batafsil tekshirish imkonini beradi, deb izohlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid