Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina yana o‘qqa tutildi: qator hududlar svetsiz qolgan, qurbonlar bor
8 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya yana bir bor Ukrainaning frontorti hududlariga kombinatsiyalangan zarba berdi. Dniproda dron turar joy binosiga borib urilgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan, 10 dan ortiq kishi, jumladan, ikki bola jarohatlangan.
Foto: AP
Bir qator oblastlar elektr ta’minotisiz qoldi. Rossiya mudofaa vazirligi hujum nishoni «Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari va ularning faoliyatini ta’minlaydigan gaz-energetika kompleksi obektlari» bo‘lgani haqidagi shablonni takrorladi.
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujum oqibatida jami 45 ta raketa (shu jumladan yettita «Kinjal») va 458 ta dron ishlatilgan, 26 ta raketa va 52 ta dron nishonga tekkan. RF mudofaa vazirligi xabarida ham «Kinjal» gipertovushli aeroballistik raketalari qo‘llangani tasdiqlangan.
Rossiya idorasi yangi zarbani «Ukrainaning Rossiya hududidagi fuqarolik obektlariga uyushtirgan terrorchilik hujumlariga javob» deb atadi. «Zarba maqsadlariga erishildi, barcha belgilangan obektlarga zarba berildi», – deyiladi mudofaa vazirligi hisobotida.
Infratuzilmaga hujum
Tunda butun Ukraina bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan. Dnipropetrovsk, Kiyev va Poltava oblastlari asosiy zarbalarni qabul qilgan.
Poltava oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Kogut zarbalar tufayli Kremenchug hududida elektr ta’minoti uzilgani, bu esa o‘z navbatida ichimlik suv va issiqlik ta’minoti uzilishiga olib kelganini ma’lum qilgan.
«Shahar elektr ta’minotisiz qolgani sababli shahar suv kanali zaxira rejimida – kuchli generatorlar yordamida ishlashga o‘tdi», – dedi Kremenchuk shahri meri Vitaliy Maletskiy.
Xarkiv shahri meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra bir nechta rayonlarda suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan, metro odamlar uchun boshpanaga aylangan, yerusti elektr transporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
«Ammo muammolar faqat Xarkivda emas. Butun mamlakat bo‘ylab – Lvivdan Sumigacha, Odessadan Chernihivgacha – energetiklar Rossiyaning energetikamizga navbatdagi zarbalari to‘lqini oqibatlarini bartaraf etmoqda», – deb yozdi Terexov.
Kiyevning ayrim hududlarida ham elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar joriy etildi. Kiyev oblastida «energetika tizimi obektlari» zarba ostida qoldi, dedi hudud harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnik.
Xmelnitskaya va Roven atom elektr stansiyalari «yadro xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan elektr podstansiyasiga» qilingan hujumdan so‘ng elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamaytirdi, dedi Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari Rafael Grossi. Gap qaysi podstansiya haqida ketayotgani va unga qanday zarar yetkazilganiga aniqlik kiritilmagan.
Bu oktyabr oyi boshidan beri Ukrainaning fuqarolik gaz infratuzilmasiga qilingan to‘qqizinchi yirik hujumdir, deyiladi «Naftogaz» bayonotida.
Dniprodagi turar joyga zarba
Yarim tunda dron Dnipro shahridagi ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib urilgan. Uch kishi halok bo‘ldi, dedi shahar rahbari Boris Filatov. Yana bir kishi vayronalar ostidan qidirilmoqda.
Kamida 11 kishi, jumladan, ikki bola jabrlangan. Jabrlanuvchilarning olti nafari jumladan, 13 yoshli qiz kasalxonaga yotqizilgan.
Ikkita pod’yezdda ikkinchi qavatdan oltinchi qavatgacha bo‘lgan xonadonlar vayron bo‘lgan, dedi Dnipropetrovsk oblasti ma’muriyati rahbari Vladislav Gayvanenko. Bu podezdlarni buzib tashlashga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Rossiya mudofaa vazirligi o‘zining ertalabki hisobotida Dniprodagi turar joy binosiga dron borib urilgani haqida tilga olmagan.
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025