Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Endilikda sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallada o‘tkaziladi
Prezident viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, bosh shifokorlar hamda poliklinika mudirlarining kunlik qabullarini mahallalarda tashkil etishni topshirdi. Maqsad - xalq bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, bemorning yo‘lini qisqartirib, xizmat sifatiga berilgan xolis «xalq bahosi»ni tizimga kiritish.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, rahbarlar qabulni to‘g‘ridan to‘g‘ri joylarda o‘tkazsa, odamlar roziligi ortib, tibbiyot tizimiga berilgan baho haqqoniy bo‘ladi. Davlat rahbari tuman va viloyat miqyosidagi tibbiyot rahbarlariga, bosh shifokorlar hamda poliklinika mudirlariga quyidagi savollarni o‘zlariga berib, amalda hal etishni topshirdi: bemor shifoxona yoki poliklinikaga kelganda necha daqiqa vaqt sarflayapti? Ko‘rsatilgan xizmatdan qanchalik mamnun?
Prezident rahbarlarni bemor yo‘lini shaxsan bosib o‘tishga chaqirdi:
«O‘zingizni bemorning o‘rniga qo‘yib, eshikdan kirib vrach qabulga kirguniga qadar xonama-xona yuring, rentgen, laboratoriya, UZI, EKG uchun boshqa-boshqa qavatlarga chiqib-tushing — shunda odamlarning holatini to‘g‘ri tushunasiz va bu savollarga javob topasiz».
Shu munosabat bilan har bir viloyat va tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborni oshirish, xizmatlarni bir joyda va tezkor ko‘rsatish, navbat va sarsongarchilikni kamaytirish uchun zarur sharoitlarni yaratishi shartligi qayd etildi.